Xorazmda 160 ta oila “Yangi Oʻzbekiston” massivlaridagi uylarga koʻchib kirdi

18:31 03 Iyul 2023 Jamiyat
581 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qoʻshkoʻpir tumanidagi “Yovgʻir” mahallasida 33 gektar maydonda qad rostlayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi aholi uchun munosib turmush sharoitiga ega zamonaviy shaharchaga aylanib bormoqda.

Loyiha boʻyicha bu yerda koʻp qavatli turar joy binolari bilan bir qatorda ijtimoiy infratuzilma obyektlari, yashil maydonlar barpo etilmoqda. Shu kungacha hududda 11 ta koʻp qavatli turar joylar qurib foydalanishga topshirilgan edi. Yaqinda yana 40 ta xonadon kalitlari oʻz egalariga topshirildi. Yil oxirigacha ushbu dahada 18 ta koʻp qavatli uy-joylar barpo etiladi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Yangiariq tumanining “Doʻstlik” mahallasi hududida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida esa 37 ta koʻp qavatli turar joy qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan 15 tasi joriy yilda qurib foydalanishga topshiriladi. Kuni kecha ushbu hududdagi 60 ta oila yangi uylarda hovli toʻylarini nishonlash baxtiga muyassar boʻldilar. Yangi 3 ta koʻp qavatli uyning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Xorazm viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov, nuroniylar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tantanali tadbirda mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni uy-joy bilan taʼminlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar ijrosi doirasida 5 nafar ayolga ijtimoiy uylar kalitlari topshirilib, qoʻshimcha ragʻbat sifatida muzlatgich sovgʻa qilindi, shuningdek, shu kuni bir qancha fuqarolar subsidiya asosida yangi uy sohibi boʻldilar.

Foto: “Xalq soʻzi”

Tuproqqalʼa tumanidagi “Obod” mahallasi hududida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi 20 gektar maydonni egallagan boʻlib, bugungacha 280 xonadonli 12 ta koʻp qavatli uy qurib bitkazilgan edi. Endilikda 3 ta yangi uyda joylashgan 60 ta xonadon kaliti oʻz egalariga topshirildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda soʻzga chiqqanlar bu – aholining uy-joy taʼminotini yaxshilash mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash borasida olib borilayotgan ezgu ishlarning yana bir amaliy ifodasi ekanini taʼkidladilar.

2023-yil yakunigacha ushbu massivda yana 140 oilaga moʻljallangan 7 ta koʻp qavatli uy qurib foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, 360 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti, 4 ta tadbirkorlik obyekti va 50 oʻringa moʻljallangan oilaviy poliklinikada aholiga namunali xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklar yaratiladi.

Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер