Xon atlasim – mening gʻururim

13:45 29 Sentyabr 2023 Jamiyat
1917 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Xon atlas – necha yuz yillik tarixga ega matolarimizdan. Oʻzligimizni, oʻzbekligimizni eslatib turuvchi bu matodan tikilgan liboslar ayollarimizga, qizlarimizga oʻzgacha joziba, koʻrk, chiroy bagʻishlaydi. Qizlarimizdagi hayo, ibo atlas bilan oʻzaro uygʻunlashib, taʼrifiga soʻz ojiz manzara hosil qiladi. Bu bejiz emas. Undagi yorqin ranglar, jilvakor naqshlar ona – tabiatimizdan nusxa olib yaratilgan. Inson esa tabiatning ajralmas bir boʻlagidir.

— Milliy qadriyatlarimizdan sanalgan bu matoning “Margʻilon atlasi”, “Qora atlas”, ”Bargi karam”, “Namozshomgul”, “Qora koʻzim” kabi nusxalari mashhur sanaladi,— deydi hunarmand Dilovar Boltayeva.— Ular nafaqat goʻzal va jozibador, balki kishi salomatligi uchun ham foydalidir. Chunki atlasu adraslarimiz tabiiy ipakdan tayyorlanadi. Tabiiy ranglar vositasida boʻyaladi.

Dilovar opa tumanimizdagi milliy qadriyatlar boʻy koʻrsatib turgan soʻlim manzil – “Naqshband” hunarmandchilik markazida faoliyat koʻrsatadi. Atlas, adras, shoyi matolardan milliy liboslar tikadi. Aynan shu maskanda Oila va xotin – qizlar boʻlimi hamda respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlinmasi hamkorligida “Xon atlasim – mening gʻururim” shiori ostida tadbir oʻtkazildi. Yurtimiz boʻylab tashkil etilgan “Xon atlas” festivali doirasida uyushtirilgan bu madaniy – maʼrifiy tadbirda onaxonlar, turli yoshdagi qizlar ishtirok etishdi. Oʻzaro muloqot chogʻida milliy qadriyatlarimizning bir boʻlagi sanalgan atlasni asrab-avaylash, oʻzbekona kiyinish madaniyati haqida soʻz bordi. Qatnashchilar matolardan liboslar tikish jarayoni bilan tanishdilar, atlasu adras haqida atroflicha tushunchaga ega boʻlishdi, milliy qadriyatlar, urf-odatlarimizga oid bilimlarini boyitdilar.

Feruza AKKIYEVA,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Buxoro tuman boʻlinmasi rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер