Xitoydan 6193 ta bodikamera xarid qilindi

14:15 24 Dekabr 2019 Jamiyat
1121 0

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatidagi islohotlar ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Joriy yilning oʻtgan 11 oyida 2018-yilning shu davriga nisbatan respublika boʻyicha sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari 11,9, ularda halok boʻlganlar soni 11,6 hamda jarohatlanganlar soni esa 13,7 foizga kamaygan. Bunday natijalarga tizimda amalga oshirilayotgan yangicha islohotlar hamda joriy etilayotgan zamonaviy texnologiyalar tufayli erishilmoqda.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining tegishli Nizomiga koʻra, 2019-yilning 1-iyuldan boshlab YPX xodimi xizmat vazifasini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishi va bu haqda yoʻl harakati ishtirokchisini ogohlantirishi belgilangan. Biroq mobil videkameralarni olib kelish va joriy etish boʻyicha ayrim texnik sabablar ushbu muddat 2020-yil 1-yanvarga koʻchirildi.

Mobil kameradan foydalangan holda xizmat olib borish, xodimning oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishda shaffoflikni taʼminlaydi hamda haydovchi va xodim oʻrtasidagi turli bahsli holatlarning oldini oladi.

Bugungi kungacha Xitoy Xalq Respublikasining “Xaytera” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 6193 ta bodikamera xarid qilingan. YPX va PPX xodimlari ushbu moslamalar yordamida xizmat vazifalarini olib borishadi.

— Albatta, xodimlarning amaliy koʻnikmasini oshirish, fuqarolar bilan risoladagidek xizmat muloqotini olib borish eng muhim masalalardan biri, — deydi ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Azizbek Ikromov. — Yaqin vaqt ichida YPX va PPX xodimlari butunlay attestatsiyadan oʻtkaziladi. Qolaversa, ularning badiiy kitoblarni mutolaa qilishi shart boʻladi. Axir, badiiy adabiyot oʻqigan insonning tafakkuri kuchli, fikrlash doirasi keng boʻladi. Odamlar bilan yuqori saviyada muloqot qila oladi.

Anjumanda IIV Yoʻl harakati xavfsizligi, Paturl-post xizmati va jamoat tartibini saqlash Bosh boshqarmalari mutasaddilari OAV vakillari savollariga javoblar qaytardi.

Dilmurod SODIQOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер