«Xalqlar do‘stligi» nomi to‘liq qaytariladi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan, poytaxtimizda bir vaqtlar “Xalqlar do‘stligi” deb nomlangan metro bekati, san’at saroyi va keng maydonga shu atama, Shayxontohur tumanidagi ko‘chaga esa Shomahmudovlar nomi qaytariladi.
Urush yillarida Ukraina, Belarus hamda Rossiyadan turli millatga mansub 1 million nafardan ortiq aholi, shu jumladan, 200 ming nafar yosh bolalar O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan. Xalqimiz ularga mehr berib, boshpana, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlagan. Ayniqsa, juda ko‘p o‘zbek oilalari yetim bolalarni o‘ziga farzand qilib olib, tarbiyalagan. Ana shulardan biri — 14 nafar yetim bolani o‘z tarbiyasiga olgan toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov xonadonidir.
Prezident Matbuot xizmati tomonidan kecha taqdim etilgan videolavhada Yurtboshimizning bu boradagi fikri keltirilgan.
“Yer yuzida juda kamdan-kam davlat va millat bunday yuksak insoniy fazilatlar bilan g‘ururlanishi mumkin. Vaqt o‘tgani sari Shomahmudovlar oilasi ko‘rsatgan bu qahramonlikning ahamiyati va qadri tobora oshib bormoqda.
Tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xalqimizning ezgu fazilat va qadriyatlarini abadiylashtirish uchun, Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlangan, “Xalqlar do‘stligi” deb nomlangan yodgorlik ansamblini poytaxtimiz markazidagi maydonga qaytarsak, adolatli bo‘ladi”, deya ta’kidlagan Prezidentimiz.
O. LUTFULLAYeV tayyorladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring