Xalqaro kitoblar sovgʻa qilish kunida Adliya vazirligidan tuhfa
Mamlakatimizda kitobxonlikni keng targʻib qilish, kitob mutolaasiga boʻlgan qiziqishni oshirish borasida Adliya vazirligi ibratli tashabbuslar koʻrsatayotgani eʼtiborga loyiq.
Ayni kunlarda vazirlik tomonidan yana bir maʼrifiy tashabbus – #Ziyo_ulash aksiyasini amalga oshirishga kirishildi. Bu borada Toshkent viloyati tuman va shaharlaridagi 4-sektorda joylashgan mahallalarda yoshlar uchun kutubxonalar tashkil etish loyihasi boshlandi.
— Aksiya ulugʻ ajdodlarimiz Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi kunlarida boshlangani bejiz emas, — deydi Toshkent viloyati adliya boshqarmasi mutaxassisi Erkin Doripov. — Qolaversa, 14-fevral dunyo miqyosida Xalqaro kitoblar sovgʻa qilish kuni sifatida nishonlanishi ham barchamizga yaxshi maʼlum.
Bugungi tadbir doirasida Zangiota tumanida joylashgan “Vatanparvar” MFY yigit-qizlari uchun tashkil etilgan kutubxonaga Adliya vazirligi tomonidan 400 ga yaqin kitob sovgʻa qilindi. Tuhfalar orasida Prezident asarlari, sheʼriy va nasriy adabiyotlar, jahon adabiyoti durdonalari hamda oʻzbek ziyolilari faoliyatini tarix zarvaraqlariga muhrlagan kitoblar bor.
Taniqli ijodkorlar, mahalla faollari hamda navqiron avlod vakillari qatnashgan yuzma-yuz muloqotda adliya vaziri oʻrinbosari Xudoyor Meliyev ishtirok etib, bugungi kunda kitob bilan doʻstlashish, oʻzbek adabiyoti va madaniyatini chuqur oʻrganish juda ham muhim ekanligini taʼkidladi. Ayniqsa, yosh avlod kamoloti, intellektual salohiyatini oshirishda, ularning qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashda kitobning oʻrni beqiyosligiga eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, uchrashuvda vazirlik tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun barcha kitoblarning elektron va audio shakllari jamlangan elektron kutubxona ham foydalanishga topshirildi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring