Xalqaro anjumanda dolzarb masalalar muhokama qilindi
Buxoro shahrida “Neft-gaz kimyosi va texnologiyasida muammolar, innovatsion takliflar va yechim” mavzusida xalqaro ilmiy-texnikaviy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Buxoro muhandislik texnologiya instituti tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻz FA, “Oʻzbekneftgaz” AJ va boshqa bir qator manfaatdor korxona va muassasalar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir qatnashchilari safida Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston Respublikasidan tashrif buyurgan soha yetakchi olimlarini koʻrish mumkin edi.

Anjuman ochilish marosimida soʻz olgan Buxoro muhandislik-texnologiya instituti rektori Sadoqat Siddiqova taʼkidlaganidek, bugungi kunda neft-gaz sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash masalasi dolzarb sanaladi. Bunda rivojlangan mamlakatlarning boy tajribasidan oqilona foydalanish foydadan xoli emas. Xususan, ilm – fan va amaliyotni uygʻunlashtirish maqsadini qamrab olgan dual taʼlim tizimi oʻzining samaradorligini koʻrsatmoqda.
Institut jamoasi ayni damda dunyoning oʻnlab ilgʻor oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatib innovatsion taʼlim yoʻnalishida muayyan yutuqlarga erishyapti. Ayni paytda bu yerda birgina neft-gaz sohasida 1786 nafar talaba tahsil olmoqda. Konferensiya qatnashchisi boʻlgan “Buxoro neftni qayta ishlash zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyati, “ENTER Engineering Pte. Ltd” kompaniyasi va boshqa bir qator korxonalar vakillari ham mazkur oʻquv yurtida oʻqigan yoshlar malakali kadr sifatida samarali faoliyat yuritayotganlarini eʼtirof etishdi.

Anjumanda I. M. Gubkin nomidagi Rossiya neft va gaz davlat universiteti, Janubiy Qozogʻiston davlat universiteti, shuningdek, respublikamiz oliy oʻquv yurtlari professor — oʻqituvchilari neft qazib olishning samarador usullari, tabiiy gazni chuqur qayta ishlash, avia hamda avtomobil yoqilgʻisi sifatini yaxshilash kabi qator mavzularda ilmiy maʼruzalar qilishdi. Tadbir yakunida ilm – fan va amaliyot integratsiyasini chuqurlashtirish, oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring