Kattaqoʻrgʻondagi portlash qurbonlari soni oshdi

12:31 12 Aprel 2020 Jamiyat
1112 0

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahrida roʻy bergan portlash oqibatlari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot berdi.

12-aprel kuni tongda Kattaqoʻrgʻon shahri Goʻzalkent mahallasidagi ikki qavatli uylardan birida is gazi chaqnashi oqibatida binoning bir qismi oʻpirilib, uyda yashovchilar xarobalar ostida qolgan.

FVV matbuot xizmati xabar berishicha, hodisa oqibatida halok boʻlganlar soni 3 nafarni tashkil etmoqda, yana 4 kishi turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Hodisadan jabrlanganlarning barchasi ushbu uyda yashovchilar boʻlgan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hodisaga uyning birinchi qavatidagi kvartirada is gazi sizib chiqishi oqibatida portlash roʻy berishi sabab boʻlgan.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa tuzilmalar xodimlari hududda qutqaruv ishlarini olib borishmoqda.

Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov voqea joyiga yetib borgan. Portlashdan zarar koʻrgan xonadonlar evakuatsiya qilingan.

Bundan avvalroq Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati Kattaqoʻrgʻonda ikki qavatli uydagi portlash oqibatida 2 kishi halok boʻlib, 5 kishi jarohatlangani haqida xabar bergandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер