Kattaqoʻrgʻon tumanida yirik sement zavodi ishga tushdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Kattaqoʻrgʻon tumanining Kumushkent mahallasi hududida foydalanishga topshirilgan mazkur korxona hududda hayotga tatbiq qilinayotgan istiqbolli investitsiya loyihalarining eng yirigi sanaladi.

Zamonaviy texnologiyalar asosida ichki va tashqi bozorni sifatli sement mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida xitoylik investorlar ishtirokida tashkil etilgan zavod yiliga uch million tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

38,5 gektar yer maydonida joylashgan ushbu zavodni barpo etish uchun respublikamizning bank mablagʻlari hamda 340 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb qilingan. Ishlab chiqarish dastgohlari Xitoydan olib kelib oʻrnatilgan.
— Mazkur korxona Xitoyning 3 ta yirik kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil qilindi, — deydi xitoylik investor Guo Bin. — Korxona quruq sement ishlab chiqaruvchi eng zamonaviy va yirik zavodlardan biri boʻladi. Uning afzalligi shundaki, ishlab chiqarish sexlariga zamonaviy, juda ham tejamkor uskunalar oʻrnatildi. Bu esa mahsulot sifatiga oʻzining ijobiy taʼsirini koʻrsatadi. Oʻylaymanki, korxonaning ishga tushishi Oʻzbekiston iqtisodiyotiga yangi surʼat bagʻishlaydi.
Ushbu loyiha boʻyicha sement zavodining yillik eksport quvvati 82 million AQSH dollarni tashkil etib, Yevropa va boshqa xorijiy davlatlarga yoʻnaltiriladi. Zavod ishga tushishi natijasida 600 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi va bu ish oʻrinlariga asosan mahalliy aholi jalb qilinadi.

Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, korxona uchun xomashyoga boy karyer hududga yaqin Nurobod tumanida joylashgan.
Zavodning ochilish marosimida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, tuman hokimligi, zavod xodimlari, xitoylik investorlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Kattaqoʻrgʻonning bepoyon qir adirliklarida koʻkka boʻy choʻzgan mazkur qudratli ishlab chiqarish quvvati mamlakatimiz eksport hajmini oshirish, olis hududlar infratuzilmasini yaxshilash, asosiysi aholi farovonligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring