Katta strategiyaning asosiy bo’g’ini

Afg’oniston bo’yicha “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida o’tkazilgan xalqaro konferentsiya yakunlangandan so’ng O’zbekiston Respublikasi va Afg’oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar mahkamalari rahbarlari jurnalistlar bilan uchrashib, nufuzli forumning natijalari haqida axborot berdi.
Salohuddin RABBONIY,
Afg’oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri:
— Afg’onistonda o’tkazilgan “Kobul jarayoni”dan bir oy o’tib Toshkent konferentsiyasi bo’lib o’tdi. Ishonamizki, mintaqaviy konsensus mamlakatimizda tinchlikni qaror toptirish g’oyasini ko’zlaydi. Biz osoyishtalikka erishishimiz uchun barcha imkoniyatdan unumli foydalanishimiz kerak. O’zbekistonlik do’stlarimizga narkotrafik, terrorizm muammolarini hal qilishdagi ko’magi uchun minnatdorlik bildiramiz. Zero, bu dolzarb masalalar nafaqat afg’onlarga, balki butun mintaqaga taalluqlidir. Shuning uchun birgalikda ta’sirchan sa’y-harakatlarni olib borish talab qilinadi. Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, Afg’onistonning do’stlari ishtirokida o’tkazilgan Toshkent konferentsiyasi afg’on xalqini qo’llab-quvvatlash, mintaqada barqarorlikni ta’minlash yo’lidagi kuchli chaqiriq bo’ldi. O’zbekiston xalqi va hukumati bilan birgalikda ish olib borganimiz uchun minnatdorlik bildiraman. Afg’oniston Prezidenti Ashraf o’anining O’zbekistonga tashrifi va unda imzolangan 20 ta shartnoma, o’nlab tijorat bitimlari bizni bir-birimizga yanada yaqinlashtiradi. Va albatta, xavfsizlik hamkorligimizning eng muhim yo’nalishlaridan biriga aylanadi.
Abdulaziz KOMILOV,
O’zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri:
— Biz juda muhim siyosiy voqeaga guvoh bo’ldik. Forum kun tartibida zamonamizning eng o’tkir muammolaridan biri — xavfsizlik masalasi turgan edi. Bu muammo shunchalikka bordiki, uni hal qilishimiz kerak. Aks holda, u butunlay chuqurlashib ketishi mumkin.
Afg’onistonda qariyb 40 yildan beri urush davom etmoqda, bu urushda g’olib ham, mag’lub ham yo’q, oddiy odamlar qiynalmoqda. Boshqa tarafdan, qo’shni mamlakatda tinchlik jarayonini boshlash uchun nisbatan qulay davr kelayapti.
Toshkent deklaratsiyasi afg’on masalasini hal qilishda bizning yakdilligimizni ko’rsatdi. Ya’ni xalqaro hamjamiyat urushdan, zo’ravonlikdan charchagan. Barchamiz xalqlarimiz tinchligini, taraqqiyotini ko’rishni istaymiz. Deklaratsiyada yuzaga kelgan vaziyat qayd etilib, afg’on inqirozini hal qilishning aniq yo’llari taklif qilindi. Biror-bir dastlabki shartlarsiz to’g’ridan-to’g’ri muloqotni yo’lga qo’yish unda ilgari surilgan takliflarning asosini tashkil qiladi. Avvalambor, barchamiz Afg’onistonda vaziyatni o’nglash uchun bu ularning ichki ishi ekanligini, afg’onlar muzokaralarni qanday o’tkazishni yoki qanday shaklda olib borishni o’zlari hal qilishi lozimligini teran tushunishimiz kerak. Shunday bo’lsa-da, juda ko’p narsa tashqi kuchlarga ham bog’liq. Afg’oniston tarafi fikricha, kimdir bu jarayonda ishtirok etmoqchi bo’lsa, albatta, markaziy, ya’ni qonuniy hukumat bilan muzokara o’tkazishi kerak.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o’z nutqida Afg’oniston O’zbekistonga nechog’li yaqinligini ta’kidladi. Biz xavf-xatarlarning ba’zi birlarini “o’zimizniki”, boshqasini esa “birovniki”, deb qabul qilmasligimiz kerak, aniqroq aytganda, bunday qilishga haqqimiz yo’q, dedi davlatimiz rahbari. Afg’onistonning dardi bizning dardimiz. Bu mamlakat insoniyat tarixida xalqaro hamjamiyat hal qilishga qodir bo’lmagan mamlakat sifatida qolmasligi kerak. Bir vaqtning o’zida xavfsizlik uchun shart-sharoitlar yaratish va ayni paytda Afg’onistondan yiroqroq yurishning iloji yo’q. Prezidentimiz O’zbekiston bugungi kunda Afg’oniston bilan hamkorlikni kengaytirish bo’yicha amalga oshirayotgan sa’y-harakatlar haqida batafsil to’xtalib o’tdi. Jumladan, madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari qamrab olindi. Davlatimiz rahbari Afg’onistonda ta’limni qo’llab-quvvatlash bo’yicha maxsus xalqaro fond tashkil etishni taklif qildi.
Konferentsiyada Markaziy Osiyo do’stlik mintaqasiga aylanishi kerakligi, raqobatga yo’l qo’yib bo’lmasligi qayd etildi. Ana shundagina biz umumiy Markaziy Osiyo uyimizda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlay olamiz.
Toshkent konferentsiyasi ulkan sa’y-harakatlar samarasi, biz uni mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo’yicha katta strategiyaning bir qismi sifatida ko’rayapmiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring