Kasb-hunar maktabi bir yilda 200 million soʻm sof daromad topadi
Foto: Xalq so‘zi
Fargʻona viloyati Beshariq tumanida joylashgan 2-sonli kasb-hunar maktabida nazariy va amaliy bilimlarni oʻzaro uygʻunlashtirish, davr talabi va ehtiyoji asosida tadbirkorlikni rivojlantirish, oʻrta boʻgʻinda raqabotbardosh mutaxassislar tayyorlash borasida erishilayotgan yutuqlar eʼtiborga sazovordir.

Fargʻona vodiysi, Toshkent, Navoiy va Jizzax viloyatidan kelgan professional taʼlim muassasalaridan 500 nafardan ziyod direktor va ularning moliya-iqtisod masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirokidagi seminarni oʻtkazish uchun mazkur taʼlim muassasasi bejiz tanlangani yoʻq.
— Bugun professional taʼlim muassasalarida xizmat koʻrsatish va mahsulot ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega, — deydi Fargʻona viloyati kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Toʻychiboy Boymatov. — Bu borada viloyatdagi 76 ta taʼlim muassasasida boʻsh yer maydonlaridan unumli foydalanish, byudjetdan tashqari mablagʻ ishlab topish boʻyicha oʻziga xos tajriba va anʼana shakllangan.
Beshariq tumanidagi 2-sonli kasb-hunar maktabida birgina baliqchilik yoʻnalishida 6 ta intensiv usuldagi yopiq havzalar barpo etilib, joriy yilda 14 tonna baliq yetishtirish moʻljallanmoqda. Fermer xoʻjaliklariga 100 ming dona baliq chavoqlari yetkazib beriladi. Biogumus, Kaliforniya chuvalchangi yetishtirish, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, payvandlash, temirchilik ishlari ham yoʻlga qoʻyilgan.

— Qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish tarmoqlarini rivojlantirishga moʻljallangan loyihalarimiz juda koʻp,— deydi ushbu kasb-hunar maktabi direktori Alisher Sotvoldiyev. — 2022-yil yakunida mazkur yoʻnalishlarda 200 million soʻm sof daromad olishni maqsad qilganmiz.
Maktabda oʻnga yaqin yoʻnalishda mutaxassislar tayyorlanadi. Innovatsion baliqchilik markazi, biolaboratoriya, avtopark, ustaxona majmuasi faoliyati orqali xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda aholi xonadonlariga toʻgʻridan-toʻgʻri xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan.
Shuningdek, seminarda yirik ish beruvchi korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari rahbarlari ham ishtirok etdi. Kasb-hunar maktablari oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan keng assortimentdagi mahsulotlar koʻrgazmasi, innovatsion gʻoyalar asosida amaliyotga joriy etilgan ishlanmalar namoyishi tadbir qatnashchilarida katta taassurot qoldirdi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring