Karmana tumanida “Tashabbusli budjet” asosida rekonstruksiya qilingan bogʻcha ochildi
Foto: Xalq soʻzi
“Tashabbusli budjet” — jamoatchilik fikri asosida mahalliy infratuzilmani tuman, shahar, mahalla yoki qishloq infratuzilmasini rivojlantirish loyihalariga budjet mablagʻlarining bir qismini bevosita fuqarolarning tashabbusi asosida yoʻnaltirishdir.
Bu jarayon birinchi marotaba 2021-yilda boshlangan boʻlib, tashabbuskor fuqarolar mahallasi va qishlogʻidagi ijtimoiy muammo yuzasidan oʻz loyihasini “Open budjet” portali orqali taklif qiladilar.
Karmana tumanining Mirsad Bahrom mahallasidagi 7-davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti “Tashabbusli budjet” loyihasi taqdim etgan imkoniyat tufayli mutlaqo yangi qiyofa kasb etdi.
— Muassasamiz 1991-yilda qurilgan, — deydi tashkilot mudirasi Nodira Hakimova. — Oradan 29 yil oʻtib, 2020-yilda, unda ham isitish tizimigina taʼmirdan chiqarilgandi. Albatta, bu vaqt ichida aholi va bolalar soni oshib, 140 oʻrinli bogʻchamiz mahallamizning bola oʻrniga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantira olmay qoldi.
Mahalla ahli “Tashabbusli budjet” loyihasida ishtirok etishib, hududlaridagi DMTT rekonstruksiya qilish orqali bola oʻrnini 180 oʻringa yetkazish boʻyicha 1 milliard 200 million soʻmlik taklifi asosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Maktabgacha taʼlim tashkilotining ochilish marosimida keng jamoatchilik ishtirok etib, loyihaning qulayligi alohida taʼkidladilar.
— Tashabbusli loyihalarni tumanimizdagi sohalarga boʻlib qaraganimizda, asosan ichki yoʻllarni taʼmirlash, maktab va bogʻchalarning shart-sharoitini yaxshilash va boshqa koʻplab ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalar taklif qilinmoqda, — deydi tuman hokimining oʻrinbosari E. Kenjayev. — Jamoatchilik fikri asosida yaratiladigan bu byudjet aholining oʻzlarini qiynayotgan muammolarni hal qilishda ishtirok etish imkoniyatini berib, fuqarolar va mahalliy hokimiyatlarning oʻzaro hamkorligiga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Tadbir davomida mahalla ahli bolalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishishdi. Demak, “Tashabbusli budjet” ajratilgan mablagʻdan maqsadli foydalanishni nazorat qilishda oʻziga xos mexanizm hamdir.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring