Karmana tumanida 153 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat koʻrsatmoqda

16:16 08 Sentyabr 2023 Jamiyat
575 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimizda taʼlim milliy taraqqiyotimizning ustuvor omili sifatida belgilanib, soʻnggi yillarda tizimning maktabgacha taʼlim sohasiga asosiy yoʻnalish sifatida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda har bir bola uchun maktabgacha taʼlim va tarbiya olish imkoniyatini yaratish, ularda taʼlimga ishtiyoq va koʻnikmalarni shakllantirish, atrofni anglash istagini qanoatlantirish, jismoniy va aqliy faoliyatini rivojlantirishda tenglikni taʼminlash, sogʻlom ovqatlantirish, oilalarga taʼlim va tarbiya ishlarida koʻmaklashish kabi maqsadlar oʻz ifodasini topmoqda.

Bu yoʻnalishda birgina Karmana tumanida bugungi kunda 153 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat koʻrsatib, hududdagi bolalarning 78,8 foizi qamrab olinganini kuzatish mumkin. Bu 2017-yil bilan solishtirilsa, ikki baravar koʻp demakdir.

— Yashirib nimayam qilaman, ikki farzandimni Navoiy shahridagi bogʻchaga qatnab ulgʻaytirdim, — deydi mehnat faxriysi Zayniddin Shoyimov. — Iloj qancha ishlardik, atrofimizdagi bogʻchalar boʻlsa yopilib ketgan. Mana bugun oʻsha farzandlarimning bolalari — nevaralarimni yangi bogʻchaga olib olib keldim.

Foto: “Xalq soʻzi”

Tumanning Zayniddin ota istiqomat qilayotgan Ayronchi mahallasida soʻnggi uch yilda 2 ta davlat va 4 ta xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Shulardan biri 20-DMTT investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya qilinib, bunyodkorlik ishlariga 2 mlrd. 915 mln. soʻm mablagʻ sarflandi. Yumshoq va qattiq mebellardan tortib, idish-tovoqlargacha yangilanishi barobarida qoʻshimcha toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.  

— Muassasamiz ilgari 60 nafar bola oʻrniga moʻljallangan boʻlib, texnik va maʼnaviy jihatdan bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermasdi, —  deydi tashkilot mudirasi Kamola Rahmonova. —  Rekonstruksiya tufayli oʻrinlar soni 120 taga yetkazilib, mahallamiz bolalarining maktabgacha taʼlim tashkilotiga qamrovi 100 foizga yetkazildi.

Tumanda bugun faoliyat koʻrsatayotgan MTTning 100 dan ziyodi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari boʻlsa, qolgani davlat xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim muassasalaridir. MTT boʻlmagan mahallaning esa oʻzi qolmadi. Yaqin istiqbolda esa bolalarni maktabgacha taʼlim tizimiga qamrovni yuz foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Bir soʻz bilan aytganda bugun ushbu muassasalar tamomila yangi maqomda taʼlim va tarbiyada ota-onalarning yaqin hamkoriga aylantirildi. Boisi, endilikda maktabgacha taʼlim muassasalari, yosh bolali oilalarning mehnat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqini roʻyobga chiqarishi bilan birga, maktab yoshigacha boʻlgan bolalarning umumiy savodini chiqarish, bolalarda Vatanni sevish, gʻururlanish hissini uygʻotish bilan birga jamoaviy tarzda dunyoqarashni kengaytirish, bahs va muloqot orqali oʻz munosabatini belgilash imkonini beruvchi maskanga aylanmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер