Karantinda nafaqa oluvchilarning pullari manzilli yetkazib berilmoqda

10:53 13 Aprel 2020 Jamiyat
1201 0

Bugun Fargʻona viloyatida 400 mingdan ziyod nafaqa oluvchi fuqarolar istiqomat qiladi. Karantin munosabati bilan ularning oʻz vaqtida nafaqa olishlari uchun qanday sharoitlar yaratilgan? Ommaviy axborot vositalari orqali bir necha marotaba bu haqida batafsil maʼlumot berilgan boʻlsa-da, ayrim nafaqadagilar bu haqida toʻliq maʼlumotlarga ega emas. Banklarga shu bois ana shu mazmunda yuzlab murojaatlar kelib tushayotir.

Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi Barnoxon Axunovaning turmush oʻrtogʻi vafot etganiga 4 yil boʻldi. U yaqinda yolgʻiz boshi bilan 4 nafar qizining 2 nafarini turmushga uzatdi. Barnoxon opa ayni damlarda 2 nafar qizi uchun moddiy nafaqa oladi. Oilada boquvchi ham, taʼminotchi ham oʻzi. Uy-roʻzgʻor ishlarining hammasi Barno opa zimmasiga tushgan. Shahardagi tashkilotda farrosh boʻlib faoliyat olib borgan opa karantin munosabati bilan uyda. Nafaqa puli esa ular uchun juda zarur. Bank xodimlari nafaqa pullarini uyga olib kelganida esa opaning xursandchiligini koʻring... Nafaqadan tashqari un, yogʻ, kartoshka, sabzi... umuman, oʻn turdagi oziq-ovqat mahsulotlar B.Axunova oilasiga yordam tariqasida berildi.
 

Fargʻona shahar, Shodiyona MFY, Sohibqiron Temur koʻchasida yashovchiOktyabrina Ahmedova 2-jahon urushi front orti mehnat faxriysi.Urushdan soʻng nuroniy momo maorif sohasida oʻquvchilarga taʼlim berib, yurt ravnaqi yoʻlida oʻz xissasini qoʻshdi. Ona xozirda 91 yoshni qarshiladi.

–Farzandlarim taʼminotimni joyiga qoʻygan, –deydi Oktyabrina Ahmedova. – Shunga qaramay bu oydagi nafaqamni nabiramning kundalik ehtiyojlari uchun sarflashni rejalashtirganman. Ammo karantin vaqtida qanday qilib nafaqa pullarini olishni oʻylayotgan edim. Bank xodimlari tashvishimni aritishdi. Bunday xizmat tashkil etilganidan boshim osmonda.

Shu kuni bank xodimlari Fargʻona shahri, Oltin zamin koʻchasida istiqomat qiluvchi 101 yoshlik Toʻxtabibi aya Isomuddinova xonadoniga ham tashrif buyurib, nafaqa pullarini oʻz qoʻliga topshirishdi.

– Birgina Fargʻona shahrining oʻzida 27 mingdan ziyod nafaqa oluvchilar istiqomat qiladi, –deydi “Xalq banki” Fargʻona shahar boʻlimi boshligʻi Elmurod Shaxobiddinov. –Karantin munosabati bilan sayyor tartibda bu mablagʻlarni oʻz vaqtida pensionerlarimizga yetkazib berish uchun 50ta xodim va 30 dan ortiq maxsus avtotransport vositalari safarbar qilingan. Bu holat hali kuzatilmadi, lekin ayrim hollarda vaqt nuqtayi nazaridan biroz kechikish hollari ham boʻlishi mumkin. Bu esa transport, bosib oʻtiladigan masofa va ishchi kuchiga bogʻliq holat. Shunday boʻlsa-da, har oyning 27 sanasiga qadar mablagʻlarni oʻz egalariga yetkazib berish uchun har kuni 8-00 dan kech soat 20-00 ga qadar ish tashkil qilingan.

Elyorjon EHSONOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер