Kamchilik va nuqsonlar sababli aholi tibbiyot tizimidan hali toʻliq rozi emas — Shavkat Mirziyoyev
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlatimiz rahbarining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan ochiq muloqoti davom etyapti.
“Murojaatlarni tahlil qiladigan boʻlsak, ularning 8 ming 400 tasi yoki 32 foizi shaxsiy masalalarga oid boʻlib, bugungi «ochiq muloqot”ga qadar ularning 90 foizi hal qilindi. Qolganlari ham, qisqa muddatlarda oʻz yechimini topadi.
Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari va aholimiz tomonidan kelib tushgan murojaatlarning 68 foizi (17 mingta) tizimli masalalar hisoblanadi.
Misol uchun:
— ayrim tibbiyot muassasalari aholi uchun uzoq va noqulay joylashgan. 3 mingdan ortiq mahalla aholisi oilaviy shifokorlik punktiga borish uchun, 10 kilometrdan 75 kilometrgacha yoʻl bosishga majbur boʻlmoqda;
— tibbiy xizmatlar aholi ehtiyojiga, hududlardagi odamlarning turmush tarziga, maʼlum bir kasalliklarning koʻpayishiga qarab, belgilanmagan.
Masalan, Qashqadaryoda yurak-qon tomir kasalliklari birinchi oʻrinda boʻlib (410 ming kishida kasalliklar aniqlangan), har yili kamida 10 foizga oshmoqda.
Lekin kardiologlar shtati va shifoxona oʻrinlari soni soʻnggi 20 yilda oʻzgarmasdan kelmoqda, birlamchi boʻgʻinda 70 foiz tibbiy asbob-uskunalar eskirgani tufayli, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati pastligicha qolmoqda, shifokorlarning oylik maoshi ish natijasiga qarab emas, lavozim tarif setkasiga koʻra belgilangan, taʼlim va amaliyot bir-biridan uzilib qolgan, tibbiyot oliygohlarida bitiruvchilarning aksariyatida, ish faoliyati uchun zarur amaliy koʻnikma yoʻq.
Mana shunday kamchilik va nuqsonlar sababli, aholi tibbiyot tizimidan hali toʻliq rozi emas» dedi davlatimiz rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring