Kaliforniyadagi maktab oldida pichoqbozlik yuz berdi. Bir oʻquvchi halok boʻlgan
AQSHning Janubiy Kaliforniya hududida joylashgan maktab oldida pichoqbozlik sodir boʻldi. Oqibatda bir nafar maktab oʻquvchisi halok boʻlgan, yana ikki nafari jarohat olgan. Bu haqida “NBC News” nashri xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, 7-may, chorshanba kuni Kaliforniya shtatining janubiy hududida joylashgan “Santa Ana” maktabi oldida nomaʼlum shaxslar ishtirokida pichoqbozlik sodir boʻlgan. Oqibatda yaralangan uch nafar oʻquvchi shifoxonaga olib borilgan. Koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay ularning bir nafari vafot etgan.
Mahalliy politsiya mazkur qotillikni amalga oshirgan shaxslar haqida aniq maʼlumotlar yoʻqligini, hozirda qidiruv ishlari davom etayotganini bildirdi. Hozirda jinoyatchilarning maqsadi va maktabga aloqadorligi haqida hech qanday maʼlumotlar aniqlanmagan.
Hudud hokimiyati vakili Fermin Lealning taʼkidlashicha, oʻquvchilar darslarni yakunlab, maktabdan chiqib ketayotgan vaqtda nomaʼlum shaxslar ishtirokida pichoqbozlik boshlanib ketgan. Guvohlarning soʻzlariga koʻra, mazkur hodisada maktab oʻquvchilari hamda begonalar ham ishtirok etgan. Ushbu voqeadan soʻng, Janubiy Kaliforniyadagi “Santa Ana” oʻrta maktabi faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan.
Hozirda rasmiy idoralar ushbu fojia qurboniga aylangan oʻquvchilarning yoshi hamda shaxsi haqida maʼlumot bermagan. Shuningdek, maktab oʻquvchilariga darsdan soʻng qatnashadigan qoʻshimcha toʻgaraklarga bormay turish tavsiya qilingan. Rasmiylar umumiy tafsilotlarni 8-may, payshanba kuni eʼlon qilishini maʼlum qilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring