Yoʻq, feʼl kishiga yaxshiroq ehsondin...
Ayni kunlarda butun yer shari aholisi sinovli, dolgʻali kunlarni boshdan oʻtkazmoqda. Koronavirus pandemiyasi global fojiaga aylanib ulgurdi. Mana shu vaziyatda maʼrifatli, ilgʻor millatlarning umumiy xususiyatlari - bagʻrikenglik, ijtimoiy birdamlik, oʻzaro hurmat, taqiqlarga itoatkorlik sifatlari namoyon boʻlmoqda.
Shunday maʼrifatli millatlar qatorida oʻzbek xalqi ham bor. Hozirgi sharoitda millatimiz oʻz tabiatidagi eng yaxshi sifatlarni koʻrsatmoqda. Ular qatorida, ayniqsa, koʻproq “xayr-saxovat” tiynati yaqqol koʻrinayotgani, kishini kelajakka ishonch bilan boqishga undaydi.
Ulus tiynatidagi bu sifat bizning eng qadim ildizlarimizdan kelayotgan – “oʻziga borini - oʻzga bilan baham koʻrish” qadriyatidir. Bu qadriyat xalqimizning qoniga, koʻngliga oʻrnashgan.
Shuning uchun, tilimizda xayr-saxovat, ehson, saxiylik bilan bogʻliq minglab birliklar, maqollar, hikmatlar mavjud. Bularning bari millat tafakkurida “oʻzaro boʻlishish” qadriyati chuqur singanligini koʻrsatadi. Bu qadriyatni Hazrat Navoiydan oʻtkazib taʼriflash imkonsiz:
Yoʻq, feʼl kishiga yaxshiroq ehsondin,
Ofoq eliga judi bepayondin.
Qiyin kunlarda xalqning saxiy va tanti farzandlari, korxona hamda tashkilotlar kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, oʻzgalar parvarishiga muhtoj, nogiron, keksa, imkoniyati cheklangan qatlamga yetkazgan yordamini koʻrib, eshitib, beixtiyor, oʻzing ham, shu singari xayriya tadbirlarida, saxovatpeshalar qatorida boʻlging keladi.
Bizning Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti jamoasi, professor-oʻqituvchilari ham ish haqlarini “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasiga oʻtkazishimizni soʻrab murojaatlar qilishdi. Biz jamoa bilan kengashib, jamgʻarmaga may oyi hisobidan bir kunlik ish haqini oʻtkazdik.
Aslida, qilingan xayriyani ovoza qilish yoki maqtanish niyatimiz yoʻq. Buni, azbaroyi, “yaxshilik–yaxshilikdan rang” oladi, degan aqidaga, amal qilganimiz uchun aytyapmiz.
Shoyad, saxovatpesha, oʻzgalar dardiga sherik, ehson qiluvchi yurtdoshlarimiz safi yana-da kengaysa hamda elu ulus millat sifatida birlashib, qilayotgan savobli ishlarimiz tez orada natija bersa.
Gulchehra RIXSIYEVA,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring