“Yoʻl xaritalari”ning ijrosi tahlildan oʻtkazildi
Parlament yuqori palatasida Oliy Majlis Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasi navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni Senat Raisi, Komissiya raisi T. Norboyeva olib bordi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan amaliy harakatlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) ijrosining borishi muhokama qilindi.
Yigʻilishda Koreya Respublikasi bilan oliy darajada erishilgan aniq kelishuvlar doirasida qator ishlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
Xususan, joriy yilda Jizzax viloyatida 7 mln. dollarlik “Optik tola ishlab chiqarishni kengaytirish” loyihasi ishga tushirildi. Natijada yiliga 85 ming kilometrlik optik tolali kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Fargʻona viloyatida esa 7 mln. dollarlik “Kasbiy taʼlim markazi” toʻliq ishga tushirildi. Manzilli roʻyxat asosida 223 nafar ishsiz boʻlgan shaxs, asosan, yoshlar va xotin-qizlar oʻqitilmoqda. Xuddi shu kabi loyiha Xorazm viloyatida ham boshlangan.
Shuningdek, Koreya Respublikasi Hukumati tomonidan “Hududiy tibbiyot muassasalarini tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash” loyihasiga 74 mln. dollar ajratilishi maʼqullandi. Loyiha doirasida 35 turdagi jami 8455 ta tibbiy jihozlar Koreya Respublikasidan keltirilishi rejalashtirilmoqda.
Qolaversa, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida 5,6 mln. dollarlik “Yashil tiklanish” investitsiya loyihasi amalga oshirilayotir. Yashil oʻsish global instituti (Koreya)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi ochildi. Institut Orolboʻyi mintaqasining yashil tiklanishini moliyalashtirish ishlarini boshladi.
Umuman olganda, Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik barqaror rivojlanib bormoqda.
Shu bilan birga, tadbir davomida “yoʻl xaritalari”dagi kechikish bilan bajarilayotgan ayrim vazifalarga eʼtibor qaratildi va sabablari birma-bir tahlil qilindi. Xususan, “yoʻl xaritalari” ijrosiga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan vazirlik va idoralar rahbarlari masʼuliyatini oshirish, belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar berildi va muddatlar belgilandi.
Majlis yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar asosida Komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring