Yirik korxonalarning mustahkam tayanchi

13:25 10 Noyabr 2023 Jamiyat
269 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ayni kunlarda Qizilqum kengliklarida Navoiy kon metallurgiya kombinati tashkil etilganligining oltmish besh yilligi keng miqyosda nishonlanmoqda. Oʻtgan asrning yirik voqeligi hisoblangan korxona Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-martdagi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “Navoiy uran” davlat korxonasi va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasi sifatida faoliyatini davom ettirmoqda.

Kombinatning shonli oʻtmishi va buguni va kelajagini “NKMK jamgʻarmasi” davlat muassasasi safida xizmat qilayotgan turli kasb egallarining mashaqqatli mehnatlaridan ayricha tasavvur etish mushkul. Boisi davlat muassasasi va uning joylardagi 5 ta hududiy boshqarmalaridagi 8 ming nafardan ortiq xodimlar faoliyati “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati, “Navoiy uran” davlat korxonasi, “NKMK jamgʻarmasi” davlat muassasasi mehnat jamoalari, ularning oila aʼzolari va pensionerlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi soliq rezidentlari va norezidentlari boʻlgan shaxslarning ijtimoiy-madaniy, davolash, sport-sogʻlomlashtirish, uy-joy, xoʻjalik va boshqa ehtiyojlarini qanoatlantirish hamda xizmatlarni toʻliq, oʻz vaqtida bajarishga qaratilgan.

— Shuningdek, aynan “NKMK jamgʻarmasi” DM ga koʻp ming sonli “NKMK” AJ, “Navoiy uran” DK va Jamgʻarma mehnatkashlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda xizmat koʻrsatishni yuqori bosqichga olib chiqish vazifasi qoʻyilgan, — deydi DM matbuot xizmati rahbari Sanjar Qurbonov. — Bundan tashqari, davlat muassasasi faoliyatining 30 foizdan ortiq qismini ishlab chiqarish tashkil etadi.
Korxona jamoasi ayni kunlarda kombinat yubileyi bilan birga mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanadigan Kasaba uyushmalari kuniga ham puxta hozirlik koʻrishmoqda. Shu munosabat bilan jamoa tomonidan tashkil etilgan “Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamgʻarmasi” davlat muassasasi – sifatli ijtimoiy himoya kafolati” mavzusidagi matbuot anjumani hamda “Farhod” madaniyat saroyi, “Soʻgʻdiyona” jismoniy tarbiya va sport majmuasi hamda “Metallurg” sanatoriy-profilaktoriylariga uyushtirilgan press-turni oʻziga xos hisobot sirasiga kiritish mumkin.

Matbuot anjumanida taʼkidlandiki, bugungi kunda Jamgʻarma tasarrufidagi sogʻliqni saqlash tizimining 5 ta tibbiy sanitariya qismlarida har yili 25 ming nafardan ortiq ishchi-xodimlarga statsionar davolash xizmatlari, poliklinikalar orqali esa 1 milliondan ortiq konchilar va ularning oila aʼzolariga turli xildagi tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi.

Jamgʻarma tasarrufidagi “Metallurg”, “Konchi”, “Nurobod”, “NKMK”, “Gornyak” kabi sanatoriy-profilaktoriylar har yili 15 ming nafar atrofida ishchi-xodimlar sogʻligʻini tiklasa, yoz mavsumida 10 ming nafarga yaqini “Toʻdakoʻl”, “Aydarkoʻl”, “Sovuq buloqlar” kabi dam olish maskanlarida hordiq chiqarishmoqda.

Shuningdek, Jamgʻarma tasarrufidagi barcha bolalar sogʻlomlashtirish oromgohlarida konchilar hamda turli hududlarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining yozgi taʼtilini maroqli oʻtkazishlarini taʼminlash maqsadida 4 ta mavsumda 6 ta statsionar, 5 ta kunduzgi, 2 ta mehnat va dam olish oromgohlari12 ming nafardan ortiq bolajonlarni oʻz bagʻriga oladi.

— Hozirgi kunda Jamgʻarmada 12 ta madaniy-ommaviy muassasalar boʻlib, ularda 170 ga yaqin badiiy-ijodiy havaskorlik jamoalari va toʻgaraklar faoliyat koʻrsatmoqda, — deya soʻzida davom etadi S. Qurbonov. — Mazkur jamoalar 4 500 ga yaqin bolalar va kattalarni qamrab olgan. Shuningdek, Jamgʻarma tasarrufidagi 41 ta yotoqxonada 10 600 nafardan ortiq NKMK va Jamgʻarma ishchi-xodimlari oʻz oila aʼzolari bilan imtiyozli foydalanish huquqi toʻlaligicha saqlangan holda istiqomat qilib kelishmoqda.

“NKMK jamgʻarmasi”ning yana bir xizmat koʻrsatish turi boʻlgan “Ovqatlantirish kombinatlari bugun NKMK va “Navoiy uran” DKlarining koʻp ming sonli xodimlariga xizmat koʻrsatib, ularning sifatli va tabiiy mahsulotlar orqali ovqatlanishini tashkil etib kelmoqda.

Matbuot anjumanida OAV vakillari va jurnalistlar savollariga atroflicha javoblar berildi.

Jurnalistlar press-tur davomida madaniyat va sport muassasasi faoliyati va yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Sanatoriy-profilaktoriy imkoniyatlari va u yerda sogʻlomlashtirilayotgan dam oluvchilar bilan muloqotda boʻldilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер