Izlanish, oʻrganish, yaratish

13:25 17 Dekabr 2019 Jamiyat
1515 0

Arxiv foto

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi tahliliy chiqishi Bosh Qonunimizdan koʻzlangan maqsad va amaliy ahamiyatining uch yil burun boshlangan tarixiy bosqichi — sifat jihatidan yangilanish davrimiz bilan bogʻliqlikda taqdim etilganini ilgʻamaslik mumkinmas. Chindan ham, “shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq va majburiyatlar”ni belgilab beruvchi asosiy hujjatimiz qoidalari davlat va jamiyat turmushining aniq pallasida kechayotgan jarayon bilan uygʻunlashmas ekan, ulardan moʻljallangan samaraga erishib boʻlmaydi. Xoʻsh, ana shu samaraning ochqichi qayerda? Bizningcha, davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan mana bu fikrda: “Ogʻir vaqt va sinovni boshdan kechirmoqdamiz! Lekin ulardan oʻtishimiz kerak! Hammamiz izlanish va oʻrganishdamiz. Yangi Oʻzbekistonni quryapmiz!”

Kimga qanday, bilmaymiz-ku, ammo bizga qolsa, hozir keng muhokama qilinayotgan milliy gʻoya masalasining oʻzagiga aynan shu fikr magʻzini qoʻygan boʻlardik: izlanish, oʻrganish, yaratish! Oʻzbek jamiyatining XXI asrda kechayotgan hozirgi pallasining milliy gʻoyasi aynan shu uch ustunga tayanishi shartligi borasida ikkilanmaymiz.

Agar chuqurroq tahlil qilinsa, necha ming yillik madaniy taraqqiyot yoʻliga ega oʻzbek millati va davlatining kuch-qudrati ham aslida xuddi shu qoidadan yaralmaganmidi?! Ulugʻ saltanatlarimiz, buyuk kashfiyot va shaxslarimiz aynan shu omillar mahsuli emasmidi?! Xuddi shunday!

Nimalar sabab boʻlib, soʻnggi besh yuz yil ichida ilgarigi anʼanaviy marralarni qoʻldan berdik, qoloqlikka yuz tutdik, uchga boʻlinib, mustamlakachilarga yem boʻldik, davlat mustaqilligimizni yoʻqotdik? Nega?

Millat va davlat sifatida izlanishdan toʻxtaganimiz, oʻz ustimizda ishlamay qoʻyganimiz oqibatida shunday boʻldi.

Mirzo Ulugʻbek vafotidan soʻng Ali Qushchi yurtni tark etdi. Oʻzi bilan necha yillik izlanishlari oʻlaroq toʻplagan ilmini, shuningdek, astronomiya, matematika, tibbiyot, kimyo, tarix, adabiyotga oid, oʻz davrining eng ilgʻor bilimlari jamlangan nodir ilmiy asarlarni olib ketdi. Rum hukmdori, usmoniy sulton Muhammad II nima qilib boʻlsa-da, buyuk oʻzbek matematigi va astronomini oʻz saroyiga olib kelishga erishdi. Shu tariqa Istanbulda aniq va tabiiy fanlar maktabi yaratildi. Usmoniylar saltanatining kuchiga kuch, qudratiga qudrat qoʻshildi. Qaysidir maʼnoda “muhtasham yuz yil” poydevori qoʻyildi.

Mazkur jarayondan usmoniylar poytaxtida Sharq ilmiy yangilik va kashfiyotlarini izlab yurgan yevropalik (Germaniya, Italiya, Avstriya, Niderlandiya) elchilar, turli mutaxassislar chetda qolmaganlariga tarix guvoh. Turli yoʻllar bilan Mirzo Ulugʻbek “Zij”i va boshqa ilgʻor ilmiy asarlarni qoʻlga kiritib, mamlakatlariga tashib ketganlari, ulardagi yangi gʻoya va yondashuvlardan ijodiy foydalanganlari ham yaxshi maʼlum.

Bizda-chi, bizda nima boʻldi? Bizda aniq va tabiiy fanlar boʻyicha teran izlanishlar avvaliga susaydi, koʻp oʻtmay toʻxtadi. Shu yoʻsinda, oʻzbek ilm-fani oʻldi. Ortidan davlatchiligimizga xos yuksalishlar yoʻlidagi izlanishlar soʻnib bordi, siyosiy boshboshdoqliklar kuchaygandan-kuchaydi, yurt uchun masʼul siyosiy kazo-kazolarni yetishtirish anʼana va tushunchalari oʻzgacha yoqlarga burilib ketdi. Abdurahmon Jomiy Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasida Ali Qushchining tabiiy va aniq fanlarga oid maʼruzalarini tinglaganiga oʻxshash va kundalik turmush tarziga aylangan serishora qoidalar choʻpchakka aylandi.

Shu maʼnoda, Prezidentimiz “Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yoʻqoladi” taʼkidini shunchaki tilga olmaganiga ishonchimiz komil.

“Temur tuzuklari”ni sinchiklab oʻqib, uqqan kishi mazkur shohasar oʻzbekning zabardast oʻgʻloni va arbobining davlat hamda jamiyat boshqaruvini qonun negizida qurish yoʻlidagi necha yillik tajriba va izlanishlarining mahsuli ekanini tushunib yetadi. Qolaversa, insoniyat oʻtmishida bironta hukmdor davlat va jamiyat boshqaruviga bagʻishlangan oʻz bilimlarini bir tizimga solib qoldirgan emas. Har holda biz bundayini bilmaymiz (lekin jahon ahli hukmdor siyosatda kuch ishlatishi, zulm qilishi, vijdonni esdan chiqarishi mumkinligini oqlagan Makiavellini mutafakkir, faylasuf va yozuvchi, deb biladi, kezi kelganda, ulugʻlaydi)...

Ilm-fan, madaniyat, din, siyosat bobida dunyo tan olgan ajdodlarimiz hayoti va mehnat mahsuli, mohiyat eʼtibori bilan, izlanishlar oʻlaroq yaralganini inkor etib boʻlmaydi. Asrlar oʻtsa-da, oʻz koʻrki va salobatini yoʻqotmay kelayotgan, oʻzbekning haqiqiy gʻurur va iftixoriga aylangan tarixiy obidalarimiz ham aslida bobolarimizning izlanishlari natijasi oʻlaroq yuzaga kelmaganmi?! Demak, izlanish qobiliyati bizning qonimizda bor. Izlanishning izi, albatta, qoladi.

Izlagan topadi, topdimi, demak, oʻrgandi. 2016-yil kuzida boshlangan sifat jihatidan yangilanish bosqichimizning ilk kunlaridan boshlab Prezidentimiz bir omilga uzluksiz urgʻu berib keladi. Qurilish yo dehqonchilikmi, taʼlim yo sogʻliqni saqlashmi, ishbilarmonlik yo davlat boshqaruvimi, qaysi soha vakillari bilan uchrashmasin, bizga zamonaviy ilm kerak, deyishdan charchamaydi. Tantanali tadbirda ham islohotlar taqdirini bilim bilan bejiz bogʻlamadilar. Negaki, eskicha dunyoqarash va haminqadar bilim bilan zamonaviy sifat oʻzgarishlariga erishib boʻlmaydi!

Toʻgʻri, Bosh Qonunimizda har kimning taʼlim olish huquqi muhrlab qoʻyilgan. Ammo taʼlim sifatini kafolatlaydigan zamonaviy ilm-fan asoslarini yaratish borasida bosh qotirmadik. Demak, huquqning borligi ishning pishgani emas ekan. Huquq unumga aylanishi uchun uning amaldagi samarasi muhimroq ekan. Bu — vaqt isbotlagan haqiqat.

Davlatimiz rahbari aynan shu sababdan ham boshdanoq taʼlim tizimini tubdan va sifat jihatidan isloh qilishga qattiq bel bogʻladi. Yaʼni konstitutsiyaviy huquqning hayotiy ifodasini ilgʻor yoʻsinda taʼminlash vazifasini qoʻydi. Natijalar qaymogʻini esa soʻz ketayotgan yigʻilishda koʻrdik. Gap Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar oʻquvchilari, oliy oʻquv yurtlari talabalarining chiqishlari haqida.

Bugun yoshlarning aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlarning turli yoʻnalishlarida erishgan yutuqlarini koʻrgan har qanday inson quvonadi, albatta. Bu ularga boʻlgan gʻamxoʻrlik, yaratilgan sharoitlar mevasidir. Demak, oʻrganishga intilgan farzandlarimizni ularning isteʼdodi va iqtidoriga qarab parvarishlash muhim ekan. Prezident maktabiga kirish uchun sinovlarda bir oʻringa bir yuz ellik besh daʼvogar chiqqani jamiyatimizda intilish, izlanish, oʻrganish muhiti tirilganining tasdigʻidir. Milliy yetakchimizning “bugun jamoatchilik tom maʼnoda uygʻondi”, degan soʻzlarining poydevorini biz aynan shu omil bilan bogʻlagan boʻlardik. Ushbu poydevorni yelkasida tutib turganlar, hech shubhasiz, ota-onalardir. Oʻtgan uch yilda erishilgan eng katta yutuqlarimizdan biri ham aslida shu.

Ota-onaga nima kerak? Farzandining kamoli kerak. Qaysi ota-ona oʻgʻil-qizim oʻqimasin-oʻrganmasin, yuksakliklarni zabt etmasin, oʻzligini namoyon etmasin, yetuk inson, baxtli-saodatli boʻlmasin, deydi? Ammo jamiyatda adolat boʻlmasa, boʻzchining bolasi boʻzchi, oʻqchiniki oʻqchi boʻlishi oldindan ayon boʻlsa, kim nimaga intiladi, nimani oʻrganadi, nimaga ishonadi?!

Kurash, sinov oson kechmasligini oldindan bila turib, bir oʻrin uchun bir yuz ellik besh ota-ona farzandini yetaklab kelgani, sinovning halolligiga boʻlgan qattiq ishonchning tugʻilganidagina emas, balki undan-da muhimroq, biz uchun suv va havodek zarur, kelajak yutuqlarimizning kafolati boʻlmish omilning milliy ongimizga singib borayotganidadir. U ham boʻlsa, ota-onalarimiz timsolida millatimiz kurashchan boʻldi, boʻlmoqda. Millatimiz oʻz avlodi, oʻzi uchun kurashishga oʻrganmoqda, oʻrgatilmoqda. Demak, izlanish, oʻrganish inson va millatni kurashishga oʻrgatadi. Kurashchanlik dunyoqarashiga ega ekanmiz, har qanday ogʻirlik va sinovlarni yengib oʻtishimiz muqarrar.

Shu bilan birga, buning uchun bizga yana bir omilning kuchi lozim boʻladi. Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonni yangilash, milliy yuksalishni yangi bosqichga koʻtarish bu — oʻz-oʻzidan, osonlikcha boʻlayotgani yoʻqligini taʼkidlagan holda “qars ikki qoʻldan chiqadi” maqolini bejiz eslatib oʻtmadi, albatta.

Oʻzbek millati va davlati oʻzining uzoq tarixiy taraqqiyot yoʻlida hech qachon siyosiy erkinlik muhitida yashamagan. Bunday koʻnikma hech kimda — davlat idoralarida ham, fuqarolarda ham hech qachon boʻlmagan. Ushbu biz uchun butunlay yangi ijtimoiy hodisaga ilk bor 2016-yil kuzidan boshlab duch keldik. Boshqacha aytganda, yalpi erkinlik sharoitida qanday yashash va ishlash kerakligini bilmaganmiz va endi oʻrganmoqdamiz.

Mohiyat eʼtibori bilan aytganda, zamonamiz qiyinchiligi mavjud muammolarning koʻlami va toshidan koʻra oʻzbekning biron avlodida soʻnggi necha yuz yillar ichida katta sinovlardan oʻtish qobiliyati boʻlmaganidadir. Yaʼni bugun demokratiya, bozor iqtisodiyoti, fuqarolik jamiyati sharoitida yashash va ishlashga qodir zamonaviy avlod tarbiyalanmoqda, shakllantirilmoqda. Ushbu jarayonning hal qiluvchi kuchi esa erkinlikdir. Erkinlik tugʻdirgan muhit qanchalik murakkab, qarama-qarshiliklarga toʻla, ayrim paytlarda quyushqondan chiqib ketish holatlari mavjud boʻlishiga qaramay, Prezidentimiz jamiyat erkinligini qattiq, taʼbir joiz boʻlsa, koʻz qorachigʻidek qoʻriqlayotganining bosh sababi ham shunda, deb bilamiz. Zero, aynan erkin insonlargina demokratiya, bozor iqtisodiyoti, fuqarolik jamiyatini qura oladilar.

Shu bilan birga, erkinlikning yuki nihoyatda ogʻirdir. Erkinlik faqat huquqdir, deganlar adashadi. Erkinlikning oʻz majburiyatlari ham bor. Bu — masʼuliyat! Erkinlik faqat ayrim qatlamnikigina boʻla olmaydi. Kimki shunday fikrda boʻlsa, u hamon eski zamon muhitida turib oʻylamoqda, yashamoqda, ishlamoqda. Erkinlik har kim va barchaning daxlsiz mulkidir. Biron shaxs, biron toifa, guruh uni mutlaq oʻzlashtirib olishga haqli emas.

Erkinlik imtiyoz emas. Agar imtiyoz boʻlsa, u barcha uchun teng imtiyozdir. Bundan chiqdi, umumning erkinligi umumning majburiyatidir.

Oʻtgan uch yil ichida jamoatchilik davlatni nazorat qilishni oʻrgandi, biroq oʻzini oʻzi nazorat qilishni oʻrganishda oqsamoqda. Mazkur holatni oqlovchi bir asos bor: umumerkinlik biz uchun butunlay yangicha, oʻzbekning biron avlodi shu choqqacha totib koʻrmagan ijtimoiy hodisadir. Demak, biz erkinlik sharoitida yashash va ishlash, uning kuch-qudratidan nafaqat oʻz manfaatlarimiz, balki milliy taraqqiyot yoʻlida samarali foydalanish borasida ham izlanishimiz, oʻrganishimiz lozim! Yangi Oʻzbekistonni shu tariqa qura olamiz. Shundagina, Prezidentimiz soʻzlari bilan aytganda, “hech kim, hech qanday kuch bizni oʻz tanlagan yoʻlimizdan qaytara olmaydi”. Izlanish, oʻrganish, yaratish gʻoyasining magʻzi ham shunda!

Azamat ZIYO,
tarix fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер