Izboskanlik fuqaro ilk subsidiyaga ega boʻldi
Izboskanlik fuqaro ilk subsidiyaga ega boʻldi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan ayrim shaxslarga, shu jumladan, daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlganlarga ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalar toʻlanishi belgilangan. Shunga asosan joriy yilning 1-martidan boshlab Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali uy-joy sotib olish maqsadida subsidiya olish uchun arizalarni qabul qilish ishlari boshlangan. Oʻtgan davr mobaynida Andijon viloyati boʻyicha 125 nafar fuqaro subsidiya olish istagida ekanligini maʼlum qilgan. Ularning murojaatini har tomonlama oʻrganib chiqqan maxsus komissiya kuni kecha ilk qarorini eʼlon qilindi. Unga koʻra Izboskan tumandagi “Markaz” mahallasida yashovchi Asqarjon Toshmatovga respublikamizda birinchilardan boʻlib 200 million soʻmdan yuqori boʻlmagan uy-joy sotib olish uchun subsidiya ajratildi.
— Bir xonadonda uchta oila istiqomat qilamiz, — deydi Asqarjon Toshmatov. — Shu bois uy olish uchun oʻn yildan buyon harakat qilaman. Afsuski, uy sotib olishga imkon qila olmadim. Menga ajratilgan subsidiya tufayli endi oʻz uyimga ega boʻlaman. Mana shunday imkoniyat yaratgani uchun hukumatimizdan minnatdorman!
Davlat xizmatlari agentligining Andijon viloyati boshqarmasi matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, bu yil subsidiya ajratish uchun respublikamiz boʻyicha davlat byudjetidan 1 trillion soʻmga yaqin mablagʻ ajratiladi va buning natijasida 16 mingta oila oʻz turarjoyiga ega boʻladi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring