Istirohat bogʻidagi yoshlar saylida 20 dan ortiq tanlov va sport musobaqalari boʻlib oʻtdi

12:22 03 Aprel 2026 Jamiyat
212 0

Fargʻona shahridagi Ahmad Fargʻoniy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻida Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan sayil unutilmas taassurotlarga boy boʻldi.

Yoshlar saylida viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari talabalari, texnikumlar va maktab oʻquvchilari ishtirok etib, madaniy-maʼrifiy tadbirlar hamda sport musobaqalari orqali maroqli hordiq chiqarishdi.

Shu kuni yosh tadbirkorlar, hunarmandlar va rassomlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar hamda ijodiy ishlar koʻrgazmasi ham namoyish etildi. Xiyobon boʻylab qator rastalarda kitoblar koʻrgazmasi uyushtirildi, milliy qadriyat va anʼanalarga xos xalqona oʻyinlar oʻtkazildi. Sportchi yigit-qizlar oʻz mahoratlarini namoyon etib, turli musobaqalarda doʻstona bellashdilar.

—Yoshlar kuni doirasida talabalar, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yosh mutaxassislarning viloyatdagi mashhur tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqotini tashkil etish hamda ishlab chiqarish korxonalariga sayohatlarini uyushtirish ham yaxshi anʼanaga aylanmoqda,—deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Fargʻona viloyati kengashi rahbari Alisher Anvarov.—Bu gal Riga Nordik va Koreya xalqaro universiteti, Fargʻona davlat texnika universiteti talabalari Margʻilon shahridagi ilgʻor tadbirkorlik subyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Bunday uchrashuvlar nazariy bilimlar va amaliyotni oʻzaro uygʻunlashtirish imkonini beradi. Oʻz navbatida boʻlajak mutaxassislar va ish beruvchilar oʻrtasida samimiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, birgalikda ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish, innovatsiyalardan unumli foydalanishga xizmat qiladi.

Aytish joiz, Yoshlar kuni tadbirlari doirasida bilimdon, isteʼdodli va faol yigit-qizlar munosib ragʻbatlantirib borilayotgani esa bu kabi ezgu tashabbuslar tobora keng quloch yozishida muhim ahamiyatga ega.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер