Isteʼmolchilarga aviachiptalar pullari qaytarib berildi

17:31 10 Iyun 2021 Jamiyat
883 0

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi 1091 ishonch telefoni orqali Samarqand viloyati Samarqand shahrida yashovchi fuqaro A.Balyasnikov tomonidan murojaat kelib tushgan.

Unda isteʼmolchi, 2020-yil fevral oyida Samarqand shahar Boʻstonsaroy koʻchasida joylashgan “OOO Nafosat Boʻstoni” MCHJ ning aviabilet sotish shoxobchasidan Toshkent — Kaliningrad yoʻnalishi boʻyicha jami 5 dona 11 539 000 (oʻn bir million besh yuz oʻttiz toʻqqiz ming) soʻmga aviachipta sotib olgan. Biroq pandemiya davrida aviaqatnovlar maʼlum muddatga uzaytirilganligi sababli parvoz amalga oshirilmagan. Shundan soʻng, fuqaro chipta pullarini qaytarishini soʻrab bir necha marotaba murojaat qilsa-da, hech qanday oʻzgarish boʻlmaganini aytib oʻtgan.

Ana shunday murojaatlardan yana biri, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro M.Samadov tomonidan kelgan boʻlib, isteʼmolchi “OOO Doston Servis Plyus” MCHJ ning aviabilet sotish shoxobchasidan oʻgʻli A.Samadovga Rossiya Federatsiyasiga borish uchun 10 000 000 (oʻn million) soʻmga aviachipta sotib oladi.  Ammo fuqaro A.Samadovga aeroportda aliment toʻlovlaridan qarzdorlik mavjudligi sabab uchishga ruxsat berilmagan. Qiziqarli tomoni shundaki, fuqaro A.Samadovga aliment toʻlovlaridan qarzdorlik mavjudligi Majburiy ijro byurosi tomonidan oʻz vaqtida ogohlantirilmagan. Fuqaro chipta uchun toʻlangan 10 000 000 (oʻn million) soʻm mablagʻni qaytarishni soʻrab “OOO Doston Servis Plyus” MCHJ ga bir necha marotaba murojaat qilishiga qaramay puli qaytarib berilmaganligini aytib oʻtgan.

Mazkur murojaatlar oʻrganilishi natijasida, isteʼmolchilar foydasiga 21.539.000 (yigirma bir million besh yuz oʻttiz toʻqqiz ming) soʻm mablagʻ undirilishiga erishildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер