Issiq harorat biroz pasayadi – Oʻzgidromet
“Oʻzgidromet” 2024-yil 10-14-iyun kunlari uchun ob-havo prognozini eʼlon qildi.
Ushbu ish haftasi davomida Oʻzbekiston hududi boʻyicha havo asosan kam bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Faqat respublikaning ayrim togʻli hududlarida kechga tomon mahalliy xususiyatga ega boʻlgan qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.
Haftaning birinchi yarmida havo biroz issiq boʻladi, kunduz kunlari harorat 36-39 daraja atrofida, choʻl hududlarda va respublika janubida baʼzi joylarda 40-41 darajagacha boʻlishi kutilmoqda. Bunday harorat iyun oyi iqlimiy meʼyoridan 1-2 darajaga yuqoridir.
Haftaning ikkinchi yarmida havo harorati kunduz kunlari 32-35 darajagacha, janubda 36-39 darajagacha biroz pasayishi kutilmoqda.
Sharqiy yoʻnalishdagi shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, shimolda va choʻl hududlarda 15-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Poytaxtimizda havo asosan biroz bulutli boʻladi, yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat 10-12-iyunda 35-38 daraja, 13-14-iyunda 32-35 daraja boʻladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring