Ispaniyada koronavirusga chalinganlar soni yarim milliondan oshdi
7-sentyabrga kelib Ispaniya Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari orasida koronavirusga chalinganlar soni 500 mingdan oshgan ilk mamlakatga aylandi.
Hozirda bu mamlakatda koronavirusning ikkinchi toʻlqini yuzaga kelmoqda va bu holat maktablarning qayta ochilishi bilan izohlanmoqda.
Ispaniya Sogʻliqni saqlash vazirligi 7-sentyabr dushanba kuni mamlakatda COVID-19 bilan kasallanganlar yana 2440 kishiga koʻpayib, ularning umumiy soni 525 549 kishiga yetgani haqida maʼlum qildi.
Shuningdek, oʻtgan bir kecha-kunduzda Ispaniyada 8 kishi koronavirusdan vafot etdi. Ayni paytda qurbonlar soni 29 516 kishini tashkil qilmoqda. Bu Ispaniyada barcha virusni yuqtirib olganlarning 6 foizi vafot etganini anglatadi.
Ispaniyada soʻnggi kunlardagi yangi kasallanish hollari koʻproq oʻrta yoshlilar orasida qayd etilmoqda. Bunday odamlarning immun tizimi yaxshi boʻlgani uchun ularda koʻpincha virus asoratlari sezilmaydi. Lekin, ayni paytda Ispaniyada oʻlim darajasi virus avjiga chiqqan aprel va may oydagilaridan ancha pastligicha qolmoqda. Oʻshanda kunlik oʻlim hollari 800 tadan ham oshib ketgandi.
Ispaniya hukumati bahorda qatʼiy karantin qoidalarini amalga oshirgan, ammo iyun oyining oxirida cheklovlar olib tashlangandi. Oʻshanda kunlik yangi kasallar soni 100 tadan 10 000 tagacha chiqdi. Natijada Ispaniya bemorlar soni boʻyicha Yevropadagi koronavirusdan jiddiy aziyat chekayotgan Italiya, Britaniya va Fransiya kabi davlatlardan oʻzib ketdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring