Islohotlar ijobiy samara bera boshladi

21:37 10 Oktyabr 2021 Jamiyat
1945 0

Sektorlar faoliyati haqida so‘z yuritilganida Аndijon tumanidagi “Hakan” qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Nazarmat ota Haydarovning shu so‘zlari yodimizga tushadi: “Аvvallari rahbarlardan kimdir eshigimizni taqillatsa, yuragimiz uvishardi. Boisi, yo paxta terimiga majburan olib ketishardi yo jinoyat sodir etgan bo‘lardik. Boshqa payt bizni hech kim yo‘qlab kelgan emas. Bugunga kelib xo‘p davrlar bo‘ldi-da! Ostona xatlab ko‘chaga bo‘ylasak, albatta, birorta rahbar “Nima muammoingiz bor?” deb turgan bo‘ladi. Hartugul, o‘zbekmiz-ku, uydagi gapni ko‘chaga olib chiqmaymiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak rahbarlarimizning o‘zlari uyimizga kirib, xol-ahvol so‘rayapti. Vaziyatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, baho berishyapti. Bekor o‘tirmanglar, harakatda bo‘linglar, dehqonchilik qiling, qo‘y-mol boqing, tadbirkor bo‘ling, deb undagani-undagan. Baraka topishsin. Nima yordam bo‘lsa ko‘rsatishyapti. Bunday davr sira bo‘lgan emas”.

Xalqimizning sektorlar faoliyatidan minnatdor bo‘lishlari bejiz emas. Zero, respublikamizda hududlarni kompleks rivojlantirish borasida hududlar sektorlar kesimida bo‘lib berilgani bu boradagi ishlar salmog‘ini yanada oshirdi.

Аndijon tumani prokurori rahbarligidagi 2-sektor hududida 19 ta mahalla mavjud bo‘lib, ularda 71 ming 795 nafar aholi istiqomat qiladi.

Sektor masʼullari ishni mavjud 17 ming 787 ta oilani o‘rganishdan boshladi. Buning uchun 13 ming 110 ta xonadonning har biriga tashrif buyurib, ularning moddiy-maʼnaviy sharoiti bilan tanishdi.

Tan olish kerak, bugungi kunda ko‘pchilikni ishsizlik muammosi qiynab kelmoqda. Yangi ish o‘rinlarini yaratishning o‘zi bo‘lmaydi. Shu bois sektor tomonidan uy sharoitida daromad topishning imkoniyatlari qidirildi. Bu borada fuqarolar o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda kichik biznes loyihalari bilan ishtirok etganliklari ayni muddao bo‘ldi. Hozirda sektor masʼullari tufayli faoliyatini boshlagan yoki kengaytirgan tadbirkorlarimiz soni anchaga ortdi. “Barakali eshik” MChJ ana shular jumlasidandir.

Ushbu jamiyat rahbari Nuriddin Mansurov tumandagi “Zangi bobo” MFYda istiqomat qiladi. Garchi, eshik-rom tayyorlash bo‘yicha tajribasi bo‘lsa-da, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun moliyaviy ko‘makka muhtojligi sektor rahbari eʼtiborini tortdi.

Uning loyihasi o‘rganib chiqilgach, amaliy ko‘mak ko‘rsatildi. 120 mln. so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i bilan taʼminlangan tadbirkor yangi dastgohlar va xom ashyo sotib olish evaziga ishlab chiqarish hajmini oshirdi. Natijada 8 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

“Gumbaz” MFY aholisi zich hududlardan biri bo‘lish bilan bir qatorda bog‘dorchilikning hadisini olganlar maskani hisoblanadi. Bu yerda bir tup daraxtdan ham yaxshigina daromad topuvchilar istiqomat qiladi. Odilbek Olimnazarov ulardan farqli o‘laroq mahalla ahli yetishtirgan mevalarni saqlovchi ombor faoliyati bilan shug‘ullanishni lozim topdi. To‘g‘rida, hamma bog‘bon bo‘lsa-yu, ombor bo‘lmasa... Bu daromadning cho‘g‘iga ham salbiy taʼsir ko‘rsatadi. 2-sektor tomonidan fuqaroning loyihasi o‘rganib chiqilgach, mahalla uchun istiqbolli loyiha ekanligi tan olindi.

— 245 mln. so‘m kredit mablag‘i evaziga 240 tonna sig‘imdagi ombor barpo etdim, — deydi yakka tadbirkor Odilbek Olimnazarov. — Bu bog‘bonlarga o‘z mahsulotini istagan paytida ichki bozorga olib chiqish imkonini berdi. Hozirda omborimizda 10 nafar “yoshlar” va “ayollar daftari” tarkibiga kirgan mahalladoshlarimiz faoliyat yuritishmoqda. Sektor masʼullarining har bir xonadonda bo‘lib, mahallabay tizimida ishlashi men kabi muayyan daromadga ega bo‘lmagan aholi qatlamini doimiy daromad manbaiga eag qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Hududda aholini ish bilan taʼminlash, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, tadbirkorlik va tomorqachilik faoliyatini shakllantirishdan tashqari, ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Natijada o‘nta maktab, 17 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, yettita sog‘liqni saqlash muassasalarida zamonaviy sharoit yaratildi. Quvonarlisi shundaki, yuzaga kelayotgan o‘zgarishlardan xalqimiz minnatdor. Shu bois ular ana shu o‘zgarishlarning bevosita ishtirokchilariga aylanishmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, sektorlar faoliyati xalqimizga xos bo‘lgan qadriyatlarni ulug‘lab, aholi turmush sharoitini yaxshilashga yo‘naltirilganligi o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.


“Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер