Ishchi-xodimlar manfaati yoʻlida

11:11 08 Noyabr 2024 Jamiyat
327 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Bugungi kunda yurtimizda erkin va farovon hayot, demokratik jamiyat qurish yoʻlida olib borilayotgan izchil islohotlar va ularning amaliy natijalarini taʼminlashda kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor. Oʻz saflarida millionlab aʼzolarni birlashtirgan, xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi boʻlgan ushbu jamoat tashkilotining mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻrni va taʼsiri tobora ortib bormoqda.

Keyingi yillarda Yangi Oʻzbekistonning yangi kasaba uyushmalari hayotida ham tub burilishlar va ulkan oʻzgarishlar yuz berdi. “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi ushbu jamoat tashkiloti faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish hamda vakolatlarini kengaytirish imkoniyatini yaratdi. Prezidentimizning taklifi bilan inson qadri va uning shaʼnini ulugʻlashga qaratilgan xalqparvar siyosatning amaliy ifodasi sifatida 11-noyabr — “Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni” etib belgilandi.

Oʻzining boy tajriba maktabi, shonli anʼanalariga ega boʻlgan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati Kengashi ham mehnatkashlarning ijtimoiy himoyasi, inson manfaatlarini taʼminlash yoʻlida keng koʻlamdagi ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

— Hozirgi kunda viloyatimizda kasaba uyushmalari tizimida 2 ming 300 tadan ortiq boshlangʻich tashkilotlar samarali faoliyat koʻrsatmoqda va turli sohalarda mehnat qilayotgan 350 ming nafardan ziyod aʼzolarni oʻz saflarida birlashtirgan, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xorazm viloyati Kengashi raisi Gulsara Qurbonboyeva. — Kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan xodimlarning mehnatga oid huquq va manfaatlarini taʼminlash, salomatliklarini mustahkamlash va maroqli dam oldirish, bolalar oromgohlari faoliyatini tashkil etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida soha xodimlarining saʼy-harakatlari bilan 111 nafar ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 760 mln. soʻmdan ortiq mablagʻ undirib berildi, mehnat muhofazasi boʻyicha 33 ta korxona va tashkilotdagi xodimlarning hayoti va mehnati uchun xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan 150 dan ziyod kamchiliklar bartaraf etildi.

Bundan tashqari, viloyatda yoz mavsumida 11 ming nafardan ziyod bolalarning oromgohlarda dam olishi tashkil etildi, 3100 nafar xodimlar va ularning oila aʼzolari tizimga qarashli sihatgohlarda imtiyozli tarzda sogʻlomlashtirildi. Ichki turizm yoʻnalishida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” loyihasi doirasida 22 ming nafardan ortiq kasaba uyushma aʼzolarining tarixiy shaharlarga sayohatlari uyushtirildi.

Kasaba uyushmalari “Ayollar daftari” tizimi orqali xotin-qizlarning muammolarini oʻrganish va hal etishda alohida tashabbus va jonbozlik koʻrsatmoqda. Bu borada Federatsiya qoshida tashkil etilgan “Ishonch telefoni”ga xotin-qizlar tomonidan kelib tushgan murojaatlar tezkor oʻrganilib, muammolarga oqilona yechim topilayotgani ham shundan darak beradi.

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan viloyatda oʻtkazilgan bayram tadbirida erishilgan muvaffaqiyatlar yana bir bor eʼtirof etilib, bir guruh kasaba uyushma faollariga viloyat hokimining faxriy yorligʻi va bayram sovgʻalarini topshirildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер