Ishchi guruh tomonidan Yashnobod tumani mahallalarida xavfsiz muhitni taʼminlash masalalari oʻrganildi

13:16 20 Mart 2026 Siyosat
218 0

Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent shahar Yashnobod tumani mahallalarida xavfsiz va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirish, aholi xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish, shuningdek, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish va maishiy korrupsiya holatlariga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy ijrosi oʻrganildi.

Oʻrganish jarayonida mahalla fuqarolar yigʻini, ichki ishlar organlari, profilaktika inspektorlari hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlik darajasi, profilaktik ishlar samaradorligi, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi ham tahlil qilindi. Shuningdek, hududda joriy etilayotgan zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan, videokuzatuv tizimlari va raqamli nazorat mexanizmlarining joriy etilishiga alohida eʼtibor qaratildi.

Ishchi guruh tumandagi “Aviasozlar dehqon bozori” AJ faoliyatini ham atroflicha koʻzdan kechirib, bozor infratuzilmasini raqamlashtirish, savdo jarayonlarining shaffofligini taʼminlash, naqd pul aylanmasini qisqartirish hamda soliq tushumlarini oshirishga qaratilgan amaliy ishlarni tahlil qildi. Jumladan, elektron toʻlov tizimlarini keng joriy etish, savdo joylarini raqamli hisobga olish, tadbirkorlar faoliyatini onlayn monitoring qilish orqali yashirin iqtisodiyotga qarshi samarali mexanizmlar yaratish ishlari oʻrganildi.

Shu bilan birga, tumanda aholi bandligini taʼminlash va fuqarolarni barqaror daromad manbaiga ega boʻlishiga qaratilgan amaliy ishlarga ham eʼtibor qaratildi.

Xususan, tumanda joylashgan Respublika kasbiy koʻnikmalar markazi hududida ishsiz aholini ish bilan taʼminlash maqsadida boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda tumandagi 25 ta yirik korxona va tashkilotlar 650 dan ortiq boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirga 9 ta tijorat banki jalb qilinib, aholiga tadbirkorlikni rivojlantirish va oʻzini oʻzi band qilish imkoniyatlari boʻyicha tushuntirishlar berildi. 150 dan ziyod ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash boʻyicha aniq choralar koʻrildi. Tijorat banklari bilan hamkorlikda 5 nafar fuqaroga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida umumiy qiymati 73 million soʻmlik imtiyozli kredit olish uchun arizalar rasmiylashtirildi.

Oʻrganishlar yakunida aholi bandligini taʼminlash, korrupsiyaviy omillarni qisqartirish hamda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?