Ishchi guruh Navoiyda
Navoiy viloyatida vazir rahbarligidagi Ichki ishlar vazirligining ishchi guruhi tizim faoliyati bilan tanishmoqda.
Mazkur tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad, tizimda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning amaldagi natijasi, huquqbuzarliklar profilaktikasidagi muammolarni oʻrganish va tezkor xizmatlarning ish faoliyati samaradorligi bilan yaqindan tanishish hamda mavjud kamchilik va muammolarni oʻz joyida bartaraf etishdan iboratdir.
Ishchi guruh dastlab viloyatning Qiziltepa tumanida Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi yangi maʼmuriy binosining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Bir milliard 300 mln soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan mazkur binoda aholiga pasport tizimi boʻyicha zamon talabi asosida xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Ishchi guruh aʼzolari mazkur maskandagi shart-sharoitlar bilan tanisharkan, ichki ishlar organlari xodimlari oʻz faoliyatini fuqarolar manfaatlaridan kelib chiqqan holda tashkil etishi zarurligi borasidagi fikr va tavsiyalarini bildirdilar. Taqdimot dasturi doirasida 16 yoshga toʻlgan bir guruh yoshlarga fuqarolik pasportlari tantanali tarzda topshirildi.
Ishchi guruh Navoiy shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida ham boʻlib, u yerda yaratilgan imkoniyatlar hamda huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishda koʻrilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishish asnosida oʻtgan yil sodir etilgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari, tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama etildi. Bunda shahar hududidagi jamoatchilik vakillari, mahalla faollari bilan yetarlicha aloqa yoʻlga qoʻyilmagani, jinoyatlarni tahlil qilish davomida sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani, shuning natijasida huquqbuzarliklar hamda jinoyatlar koʻrsatkichlari qoniqarli emasligi tanqidiy koʻrsatib oʻtildi.
Ishchi guruh faoliyatining ikkinchi kunida Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov Navoiy viloyatida xizmat qilayotgan yosh xodimlar bilan uchrashdi. Ichki ishlar vazirligi Navoiy akademik litseyida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda sohaning fidoiy, vatanparvar, oʻz faoliyatida qator yutuqlarni qoʻlga kiritib kelayotgan xodimlari, Akademiya bitiruvchilari, profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari, litsey oʻquvchilari hamda xodimlarning ota-onalari ishtirok etishdi. Samimiy va ochiq ruhda oʻtkazilgan uchrashuvda Ichki ishlar vaziri yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor va ragʻbat, albatta oʻzining natijasini berishi, mamlakat taraqqiyotida yoshlar hal qiluvchi kuch ekanligi hamda kelajakda yetuk mutaxassis boʻlish uchun tinimsiz ilm olish, oʻrganish yangiliklar yaratish borasida oʻz fikr-mulohazalarini bildirib oʻtdi.
Uchrashuvda soʻzga chiqqan Navoiy shahar IIOFMB 2-sonli Ichki ishlar boʻlimi Xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor lavozimida faoliyat yuritayotgan Sarvinoz Dushanova oilaviy ajrimlarning oldini olish maqsadida ajrashish ostonasiga kelib qolgan oilalarni fuqarolik sudlaridagi muhokamada qatnashish amaliyotini yoʻlga qoʻyish va shu orqali sud organlari bilan ham hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha taklifini bildirib oʻtdi. Tadbirda ishtirok etgan Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi Navoiy viloyat kengashi raisi senator J.Xodjayev viloyatdagi shahar tuman Ichki ishlar boʻlimlarida yoshlar kutubxonalarini ochish tashabbusi bilan chiqib, buning uchun Kengash tomonidan 2500 dona har xil turdagi adabiyotlar ajratilgani haqida gapirib oʻtdi. Uchrashuv davomida namunali xulqi hamda erishgan yutuqlari bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan fidoiy yoshlar tashakkurnoma hamda kitoblar bilan mukofotlandi.
Bundan tashqari, Qiziltepa tumanida faoliyat olib borayotgan profilaktika inspektori Erkin Oltinov hududida jinoyat hamda huquqbuzarliklarning oldini olishda namuna koʻrsatganligi, bunda jamoatchilik va mahalla bilan mustahkam hamkorlikni yoʻlga qoʻyganligi uchun muddatidan oldin katta leytenant unvoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbir davomida farzandlarining namunali xulqi, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olishda sidqidildan olib borayotgan xizmati uchun ularning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi.
Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhining Navoiy viloyatidagi faoliyati davom etmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring