Ish bilan bandlik kambagʻallikni yoʻq qiladimi?
Kambagʻallikka qarshi kurash — bu faqat ijtimoiy yordam emas. U iqtisodiy siyosat, mehnat bozori, tadbirkorlik muhiti va inson salohiyati bilan bogʻliq murakkab jarayondir. Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida aynan shu masala — aholini ish bilan taʼminlash orqali barqaror daromad manbaini yaratish turibdi.
Samarqand viloyatida bu yoʻnalishda mutlaqo yangi va manzilli yondashuv joriy etilmoqda. Endi kambagʻal oilani roʻyxatdan chiqarish uchun bir martalik texnika berish yoki nomiga ishga joylashtirish yetarli emas. Asosiy mezon — oilaning haqiqiy daromadi oshgani, turmush sifati yaxshilangani va iqtisodiy barqarorlikka erishganidir.
– Viloyatda kambagʻal oilalarga bitta motokultivator yoki elektr pech berish, faqat qogʻozda ishga joylashtirish bilan roʻyxatdan chiqarish amaliyotiga chek qoʻyiladi, – deydi viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Sherbek Boʻronov. – Avvalo, kambagʻal oilaning real daromadi hisobga olinadi, ularning turmush tarzi oʻzgarganmi-yoʻqmi – shu jihatga eʼtibor qaratamiz. Shuningdek, kambagʻal oilaga turli kreditlar rasmiylashtirib, ularni yanada ogʻir holatga solib qoʻymaslik muhim. Har qanday yordam va subsidiya oilani qisqa muddatda kambagʻallikdan chiqarish va doimiy daromad manbaiga ega boʻlishiga qaratilgan. Ushbu yoʻnalishga ajratilgan mablagʻlar miqdori bu yil ancha oshirildi. Samarqand tumanida mahallalarning ixtisoslashuviga alohida ahamiyat berilayapti.

Masalan, “Ohalik” mahallasi tumanda bedanachilikka ixtisoslashgan hudud hisoblanadi. Aksariyat aholi xonadonlarida bedana boqilib, tuxum yetishtirilyapti. Mazkur mahalladagi 804 ta xonadonda 4000 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Mahalladagi 200 ga yaqin xonadonda bedanachilik yoʻlga qoʻyilgan. Ularning bir oylik daromadi oʻrtacha 16 million soʻmni tashkil etadi.
–Toʻrt yildan beri bedanachilik bilan shugʻullanaman, – deydi tadbirkor Suxrob Muhammadov. – 31 million soʻm imtiyozli kredit olib ishni boshlaganmiz. Oson ishning oʻzi yoʻq, hammasining oʻziga yarasha qiyinchiligi bor. Boshida bedanalarimiz kasallanib zarar koʻrganmiz. Hozirda 5 mingta bedanadan kuniga 4200 ta atrofida tuxum olyapmiz. Oyiga oʻrtacha 10 million soʻm atrofida daromad qilamiz.
Tumandagi “Navobod naslli parranda” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligida kooperatsiya tizimi asosida aholi xonadonlarida yoki fermer xoʻjaligida yengil konstruksiyali binolarda parranda boqishni tashkil etish loyihasi ham yoʻlga qoʻyilgan.

– Oʻtgan yili Qoʻshrabot, Payariq va Kattaqoʻrgʻon tumanlarida aholini kambagʻallikdan chiqarish va doimiy daromad manbaiga ega boʻlishi uchun parranda boqishga sharoiti bor xonadonlarga bir kunlik joʻja va ularning ozuqasini yetkazib berdik. Tovuqlarni sotib olish tizimini ham yoʻlga qoʻydik, – deydi “Navobod naslli parranda” fermer xoʻjaligi rahbari Haydar Oʻroqov. – Bu tizim oʻzini oqlagani, tovuq boquvchilar va biz uchun ham manfaatli boʻlgani uchun uni yanada kengaytirishni rejalashtiryapmiz. Bu borada dehqon va fermer xoʻjaliklariga koʻmaklashish uchun 3 ming, 4,5 ming va 7,2 ming joʻja boqish mumkin boʻlgan yengil konstruksiyali, zarur uskunalar bilan jihozlangan tovuqxonalar loyihalarini tayyorladik. 211 million soʻm evaziga 2 sotix maydonda quriladigan shunday tovuqxonada 3 ming bosh joʻja boqish mumkin. Biz bu tovuqxona uchun isitish yoki sovitish tizimi, suv va ozuqa berish, havo aylanish tizimlarini ham yaratib beramiz. Parranda boquvchilarni bir kunlik joʻja va uning ozuqasi bilan, zarurat boʻlganda xizmat ham koʻrsatamiz. 40-42 kunda tovuqlar vazni kamida 3 kilogrammga yetadi. Ularni har bir kilogramm tirik vazni uchun 17 ming soʻmdan sotib olamiz. Shu 3 mingta tovuq bitta oilaga 27 million soʻmgacha daromad olib keladi. Agar bir yilda shu tarzda 8-marta tovuq boqishni hisoblasak, parranda boquvchi bir yilda oʻrtacha 214 million soʻm foyda oladi.

Tumanda qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, xususan yuqori daromadli va eksportbop mahsulotlarni yetishtirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ana shunday serdaromad loyihalardan biri banan yetishtirishdir. “Oʻzbekkenti” mahallasi hududidagi “Motrid Agrotechservis” agrofirmasida joylashgan “Samarqand Group” MCHJ tomonidan 2024-yilda 1 gektar yerda zamonaviy issiqxona tashkil etildi. Bu yerga Turkiyadan keltirilgan 1,5 ming tup banan koʻchati ekilib, yil yakunida 15 tonna hosil olindi. Oʻtgan yilda orttirilgan tajriba asosida agronomik tadbirlar takomillashtirilib, 30 tonna sifatli banan yetishtirildi.


Ikki yillik muvaffaqiyatli tajriba natijasida banan yetishtirish hajmlari kengaytirilishi, yangi issiqxonalar barpo etilishi va mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilish rejalashtirilgan. Bu loyiha tuman iqtisodiyotini rivojlantirish, aholiga yangi ish oʻrinlari yaratish va daromadlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring