Iroqda blekaut: butun mamlakat boʻylab elektr energiyasi uzildi
Kecha, 4-mart kuni butun Iroq boʻylab elektr taʼminoti toʻliq uzilib qoldi. Mamlakat Elektr energetikasi vazirligiga koʻra, bunga Basra viloyatida joylashgan Rumayla elektr stansiyasida yuz bergan texnik nosozlik sabab boʻlgan.
Maʼlum boʻlishicha, gaz taʼminoti zarur hajmdan keskin kamayib ketgani oqibatida stansiya quvvati 1900 megavattga tushib ketgan va bu holat mamlakat boʻylab elektr uzilishiga olib kelgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga koʻra, ayrim uylarda generatorlar yoki mahalliy manbalar orqali elektr borligi kuzatilgan. Biroq koʻchalardagi yoritish tizimi deyarli toʻliq oʻchgan. Iroqning INA axborot agentligi maʼlum qilishicha, elektr stansiyalari va uzatish tarmoqlarida tiklash ishlari olib borilmoqda.
Ayni paytda energetika infratuzilmasidagi ayrim obyektlar soʻnggi vaqtlarda bir necha bor hujumlarga uchragani ham qayd etilgan. Shu bois elektr tizimini barqarorlashtirish boʻyicha favqulodda choralar koʻrilmoqda.
Hodisa AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy harakatlarining beshinchi kuniga toʻgʻri keldi. 28-fevral kuni ertalab ikki davlat Eron hududiga zarbalar bergan. AQSH prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadro dasturini yoʻq qilish niyatida ekanini bildirib, Eron armiyasini qurol tashlashga chaqirgan.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari 3-mart kuni Qizil Yarimoy jamiyati maʼlumotiga tayanib, zarbalar oqibatida mamlakatda kamida 787 kishi halok boʻlganini xabar qildi. Javob tariqasida Eron Isroil va Fors koʻrfazi mintaqasidagi bir qator davlatlar hududiga zarbalar bergan. Tehron bu harakatlar arab davlatlariga qarshi emas, balki mintaqaga joylashgan AQSH harbiy bazalariga qaratilganini taʼkidlamoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring