Insoniyat tarixidagi eng yosh qirol kim?
Foto: www.google.com
Qirollik — insondan juda katta masʼuliyatni talab qiluvchi tushuncha. Baʼzan ushbu masʼuliyat katta yoshli inson emas, bolalarning yelkasiga yuklatilishi ham mumkin.
Qirollik va podsholik nufuzi bugungi kunga qadar saqlanib qolganidan xabardorsiz. Dunyoda shunday mamlakatlar borki, bu yerdagi hokimiyat hamon avloddan avlodga oʻtib keladi. Baʼzan qirollar taxtga juda erta chiqishga majbur boʻladi.
Ugandaning Toro qirolligini boshqarib kelayotgan va bugungi kunning eng yosh qiroli hisoblangan Oyo Nuimba Kabamba Iguru Rukidi IV aynan shunday insonlardan biri. Toro qiroli Oyo 1992-yil 16-aprelda tugʻilgan.
24 yoshida qirol Oyo dunyodagi eng yosh boshqaruvchi monarx boʻldi. Bu vaqtga kelib qirol Oyo hokimiyatning qonun-qoidalarini yaxshigina tushunib oldi. U taxtga chiqqan vaqtlari 3 yoshda edi. Mitti qirol uchun juda kichik taxt yasalgan, qirol ulgʻaygani sayin taxt oʻlchamlarini ham oʻzgartirib borishgan. Qirol uchun marosimlar qoidasi ham oʻzgartirilgan. Qasamyodlar vaqtida unga oʻyinchoqlarga ovunib oʻtirishga ruxsat berilgan. Avvaliga hukumat ishlari vazirlar hamda ona qirolicha qoʻlida boʻlgan. Keyinchalik Oyo ulgʻayib, Menejment va biznes sohasida tahsil oldi, oʻzining qirollik majburiyatlarini toʻlaqonli ravishda bajarishga ham kirishdi.
Bugungi kunda uning fuqarolari qirolga juda yaxshi taʼrif beradilar: u soliqlar borasida oʻta adolatli, gumanitar-ijtimoiy loyihalar uchun katta pul ajratadi, sogʻliqni saqlash masalasi haqida qaygʻuradi va fuqarolarining hayotini yaxshilash uchun tinmay kurashadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring