Inklyuziv yoshlar oromgohidagi zavqli kunlar
Namangan viloyatida “Voice Up–2026” inklyuziv yoshlar oromgohida tashkil etilgan tadbirlar kelajagimiz egalari hayotida unutilmas voqealardan biriga aylandi. Uning doirasida faol yoshlarning fikri eshitildi, gʻoyalari qoʻllab-quvvatlandi, imkoniyatlari kengaydi. Ushbu oromgohda 400 nafardan ortiq oʻgʻil-qizlar orasidan saralab olingan 50 nafar ishtirokchi oʻz loyihalari bilan qatnashdi. Ular uch kun davomida turli treninglar, mahorat darslari va motivatsion uchrashuvlarda faol ishtirok etib, bilim va koʻnikmalarini oshirishga erishdilar. Shuningdek, jamoada ishlash, notiqlik sanʼati va oʻz fikrini erkin ifodalash boʻyicha muhim tajriba orttirdilar.
Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan oʻtkazilgan protokolsiz uchrashuv tadbirning eng ahamiyatli jihatlaridan biri boʻldi. Odatiy rasmiy formatdan mutlaqo farq qilgan ochiq muloqotda yoshlar oʻz muammolari, tashabbuslari va gʻoyalarini emin — erkin bayon etishdi.

— Oromgohda oʻtgan kunlarimiz bir qator madaniy tadbirlar, jumladan, gulxan atrofidagi samimiy suhbatlar, ijodiy chiqishlar bilan doʻstona muhit yaratdi, — deydi ishtirokchilardan biri Odina Yusufjonova. — “Inson” hujjatli filmini tomosha qildik, intellektual qobiliyatli tengdoshlarimiz tomonidan uyushtirilgan “Zakovat” oʻyini ayniqsa, koʻpchilikda alohida taassurot qoldirdi.
Loyiha doirasida “WikiMarafon” jamoasi bilan uchrashuv ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar Vikipediya bilan ishlash, maqola yaratish va tahrirlash boʻyicha amaliy bilimlarga ega boʻldilar. Eng faol qatnashchilar esa “WikiSfera” oromgohiga yoʻllanmalarni qoʻlga kiritib, oʻzlari uchun yangi imkoniyat eshigini ochdilar. Bir soʻz bilan aytganda , “Voice Up–2026” — bu oddiy oromgoh emas, yoshlarning oʻz ustida ishlashi, yangi doʻstlar orttirishi, bilim va tajriba almashishi, eng muhimi esa oʻz ovozini jamiyatga yetkazishi uchun yaratilgan maydon sifatida barchada inklyuzivlik, teng imkoniyatlar va birdamlik gʻoyalarini yanada mustahkamladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring