Ikkita muhofaza etiladigan tabiiy hududning qoʻriqlanma zonalari belgilandi
Foto: Ekologiya vazirligi
Ekologiya vazirligi tasarrufidagi “Chotqol” davlat biosfera qoʻriqxonasiga tutash 32 859,89 gektar hamda “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasiga tutash 28 500 gektar hududda ularning qoʻriqlanma zonalari belgilandi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Bildirilishicha, bu Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-martdagi 142-sonli qarorida belgilab qoʻyilgan.
Qarorga koʻra, Namangan viloyatidagi Pop ixtisoslashtirilgan oʻrmon xoʻjaligi (766,53 gektar), Toshkent viloyatidagi Ohangaron davlat oʻrmon xoʻjaligi (8101,85 gektar), Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi Burchmulla davlat oʻrmon xoʻjaligi (23 991,51 gektar) hududlari “Chotqol” davlat biosfera qoʻriqxonasining qoʻriqlanma zonasiga kiritildi.
“Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasining qoʻriqlanma zonasi esa Navoiy viloyati Tomdi tumanidagi Tomdi davlat oʻrmon xoʻjaligi (6200 gektar) va Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi (22 300 gektar) hududidan iborat boʻldi.
Taʼkidlanishicha, bu qaror davlat qoʻriqxonalari hududidagi tabiiy majmualarga xoʻjalik faoliyati salbiy taʼsirining oldini olish, noyob hamda yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan oʻsimlik va hayvonlar turlarini saqlab qolish hamda koʻpaytirish, bioxilma-xillikni asrashga xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring