Ifloslangan havo aqliy faoliyatga salbiy taʼsir koʻrsatadi – Tadqiqot

14:57 10 Fevral 2025 Jamiyat
379 0

“Nature Communication” jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalariga koʻra, hatto qisma muddat ifloslangan havo ham inson fikrlash qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini koʻrsatdi.

Olimlarning aniqlashicha, bir necha soat davomida ifloslangan havo muhitida boʻlish diqqatni jamlashni qiyinlashtiradi, his-tuygʻularni tushunishni ogʻirlashtiradi va tanlab eʼtibor qaratish qobiliyatini pasaytiradi. Bu esa kundalik hayot va ish samaradorligiga taʼsir qilishi, uzoq muddatli oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin.

Olimlar ushbu taʼsirni tekshirish uchun tadqiqot ishtirokchilarini ikki guruhga ajratib, ularning bir guruhini ifloslangan havoli xonaga, ikkinchisini toza havoli xonaga ekspozitsiya qilishdi. Ular ishtirokchilarning aqliy qobiliyatlarini ifloslangan havoga taʼsir qilishdan oldin va toʻrt soat oʻtgandan soʻng tekshirib, xotira, diqqat, his-tuygʻularni anglash va tezkor fikrlash qobiliyatini baholadilar.

Tadqiqot natijalari shunday xulosaga keldi: havo ifloslanishi, nafas olish usulidan qatʼi nazar, tanlab eʼtibor qaratish va his-tuygʻularni anglash qobiliyatini pasaytirdi. Bu esa hatto kundalik faoliyatlarda ham qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar ifloslangan havo taʼsiri ostida tananing yalligʻlanish reaksiyasiga uchrashi mumkinligini taxmin qilmoqdalar. Bu esa ayrim kognitiv funksiyalarning izdan chiqishiga olib keladi.

Gap shundaki, diqqat va his-tuygʻularni anglash jarayonlari bunday taʼsirga sezgir boʻlib, qisqa muddatli havo ifloslanishi ham ularni zaiflashtirishi mumkin. Shu bilan birga, ishchi xotira kabi ayrim kognitiv funksiyalar bunday taʼsirga chidamliroq ekanligi aniqlandi.

Birgalikda tadqiqot oʻtkazgan Birmingem va Manchester universitetlari olimlari bu natijalar haqida shunday fikr bildirishdi. “Bizga hatto qisqa muddatli havo ifloslanishi kundalik hayotda muhim boʻlgan kognitiv funksiyalarga taʼsir qiladigan jiddiy muammo ekanini koʻrsatdi”, deydi doktor Tomas Faxerti.

Professor Frensis Pop esa shunday dedi: “Ifloslangan havo odamlarning aqliy faoliyatiga taʼsir qiladi va bu jamiyat hamda iqtisodiyot uchun katta xavfdir. Har qanday ish samaradorligi miya faoliyatiga bogʻliq ekanligini hisobga olsak, bu muammoni jiddiy qabul qilish kerak”.

Kognitiv qobiliyatlar inson kundalik hayotida muhim rol oʻynaydi. Masalan, tanlab eʼtibor qaratish odamga supermarketda kerakli mahsulotlarni tanlash, notoʻgʻri xaridlardan qochish va toʻgʻri qaror qabul qilishda yordam beradi. Ishchi xotira esa bir vaqtning oʻzida bir necha ishni uddalash, jadval tuzish va muloqot jarayonini osonlashtirish kabi vazifalar uchun zarurdir.

His-tuygʻularni anglash va tushunish qobiliyati ham jamiyatda oʻzini tutish uchun muhimdir. Bu insonga atrofdagilarning his-tuygʻularini toʻgʻri baholash, muloqotda mos ravishda harakat qilish va toʻgʻri ijtimoiy munosabatlar oʻrnatishda yordam beradi.

Tadqiqotning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, u inson aqliy qobiliyatiga havo ifloslanishining uzoq muddatli taʼsirini ham oʻrganish zarurligini koʻrsatmoqda. Ayniqsa, bolalar va keksalar kabi zaif guruhlar uchun bunday taʼsir katta xavf tugʻdirishi mumkin.

Bu borada Manchester universiteti professori Gordon MakFiggans shunday fikr bildirdi: “Havo ifloslanishi inson miyasiga qanday taʼsir qilishini tushunish juda muhim. Ayniqsa, yoshi katta odamlar uchun bu juda jiddiy masala, chunki ularning miyasi bunday tashqi taʼsirga nisbatan kuchsizroq boʻladi”.

Havo ifloslanishi butun dunyoda inson sogʻligʻiga eng katta xavflardan biri hisoblanadi. Har yili millionlab odamlar havo sifati pastligi sababli turli kasalliklardan aziyat chekishadi. Ifloslangan havo yurak-qon tomir va nafas yoʻllari kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin, shuningdek, asab tizimiga taʼsir qilib, Alsgeymer va Parkinson kabi kasalliklarga sabab boʻladi.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, havo ifloslanishi tufayli 2015-yilda 4,2 milliondan ortiq odam hayotdan koʻz yumgan. Buning asosiy sababi PM2.5 deb ataluvchi mayda zarrachalardir. JSST tavsiyalariga koʻra, havo ifloslanishi sutkalik 15 mkg/m³ va yillik 5 mkg/m³dan yuqori boʻlmasligi kerak.

Havo ifloslanishining aqliy faoliyatga taʼsiri toʻgʻrisidagi ushbu tadqiqot yana bir bor atrof-muhitni muhofaza qilish va havo sifatiga oid qatʼiy choralar koʻrish zarurligini koʻrsatmoqda. Hukumatlar nafaqat havo ifloslanishini kamaytirish, balki uning inson sogʻligʻiga uzoq muddatli taʼsirini oʻrganish va bunday xavflarning oldini olish boʻyicha choralar koʻrishi kerak.

Har bir inson esa havo ifloslanishidan oʻzini himoya qilish uchun shaxsiy choralar koʻrishi lozim. Masalan, koʻchaga chiqqanda himoya niqoblaridan foydalanish, muhiti yaxshi boʻlgan joylarda sayr qilish va uyda havoni filtrlash uchun moslamalardan foydalanish muhim ahamiyatga ega.

Havo tozaligi faqat nafas olish uchun emas, balki ongimiz sogʻlom ishlashi uchun ham juda muhim ekani yana bir bor isbotlandi.

Soʻnggi yillarda Toshkent shahrida havo sifati sezilarli darajada yomonlashdi, bu ayniqsa qish mavsumida yaqqol namoyon boʻlmoqda. Havo sifat indeksi koʻrsatkichi muntazam ravishda “Juda zararli” darajaga chiqib-tushganini koʻramiz.

Bu holat koʻmir va boshqa zararli yoqilgʻilarning keng miqyosda ishlatilishi, avtomobil chiqindilarining koʻpayishi va shaharning sanoatlashuvining kuchayishi bilan bogʻliq. Bundan tashqari, yashil hududlarning qisqarishi va ekologik choralarning yetarlicha kuchli emasligi bu jarayonni tezlashtirgan.

Havo sifati yomonlashishi fuqarolar salomatligi, xususan nafas olish tizimi va yurak-qon tomir kasalliklari boʻyicha xavflarni oshirmoqda. Ushbu vaziyat shahar ekologik boshqaruvini takomillashtirish va havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan qatʼiy choralarning zarurligini koʻrsatadi.

Sanjar Shomurodov tayyoorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер