Ichki yoʻllar qurilishida klaster tizimi: u qanday samara bermoqda?

16:42 16 Noyabr 2022 Jamiyat
664 0

Foto: Xalq so‘zi

Xalqimiz azaldan yoʻl qurishni eng savobli yumush sifatida eʼtirof etadi. Bu ishga bosh boʻlgan tashabbuskorlarga alohida izzat-hurmat koʻrsatadi. Boisi har bir yoʻlovchining manziliga oʻz vaqtida yetib borishi, uzogʻi yaqin, ogʻiri yengil boʻlishida yoʻlsozlarning xizmati beqiyos. Qolaversa, yurt taraqqiyoti hamda iqtisodiyot rivojida ichki va tashqi yoʻllarning oʻrni naqadar muhim ekani barchamizga yaxshi maʼlum.

Prezidentimizning 2022-yil 18-mayda qabul qilingan “Sement-beton qoplamali avtomobil yoʻllari tarmogʻini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hududlarda yoʻl va yoʻlaklar qurish, taʼmirlash, aholi kundalik hayot tarzi uchun zarur boʻlgan qulay shart-sharoitlar yaratib berishda muhim omil boʻlmoqda.

Ushbu hujjat ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 15-iyun kuni Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashining qarori qabul qilinib, viloyatda 2022-yilda sement-beton qoplamali ichki yoʻllarni qurish boʻyicha manzilli roʻyxat shakllantirildi hamda bu ishlarni klaster usulida amalga oshiruvchi bosh pudratchi tashkilotlar roʻyxati tasdiqlandi.

— Fargʻona viloyatining Beshariq, Buvayda, Dangʻara, Uchkoʻprik, Furqat, Soʻx tumanlarida 72 ta MFYning qariyb 32 km ichki yoʻllarida sement-beton qoplamali yoʻllar qurish boʻyicha belgilangan ishlar oʻz vaqtida va sifatli bajarildi, — deydi “Turon eko sement” MCHJ qurilish klasteri rahbari Ahatjon Sharofiddinov. — Buning uchun 10 dan ortiq yangi texnika va texnologiyalardan samarali foydalanildi. Ayni jarayonda arzon va sifatli mahalliy xomashyolar asosida yoʻl qurishga alohida eʼtibor qaratildi.

Natijada oʻtgan qisqa davrda Fargʻona viloyatida ushbu qurilish klasteriga biriktirilgan 6 ta tumanda ichki yoʻllarni taʼmirlash darajasi 25-30 foizga oshdi. Bu ishlar samarasi tufayli hududdagi 150 ga yaqin ijtimoiy soha obyektlariga olib boruvchi yoʻllar holati yaxshilandi, tuman markazlariga olib boruvchi yoʻl hajmi oʻrtacha 5-15 kilometrgacha qisqarishiga erishildi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston tumanining “Shoʻrsuv” sanoat zonasida joylashgan “Turon eko sement” MCHJda yiliga 600 ming tonna yuqori sifatli sement ishlab chiqariladi. Keng assortimentdagi qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishdan tortib, koʻp qavatli uylar qurishgacha ixtisoslashgan korxonada 1 ming 500 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan.

Korxona taʼsischilaridan biri Olimxon Ahmedovning qayd etishicha, ichki yoʻllarga yangicha yondashuv borasida sektor rahbarlari tavsiyasi, aholi murojaatlari asosida roʻyxat shakllantirilib, birinchi navbatda chekka va olis hududlar tanlab olinyapti. Shu tariqa bosh pudratchi – Fargʻona viloyati hokimligining kapital qurilish sohasidagi buyurtmachi xizmati mutaxassislari koʻmagida ish tashkil etilmoqda.

Zamonaviy yondashuv har jihatdan foydali boʻlib, misol uchun, bir kilometr uzunlikdagi koʻchani asfalt qilish uchun oʻrtacha 600 mln. soʻm xarajat qilinsa, beton qorishmali yoʻl uchun 520-550 mln. soʻm mablagʻ talab etiladi. Ammo asfalt yoʻlning kafolat muddati 5 yil, beton qorishmali yoʻl esa kamida 10 yil xizmat qiladi.

Qurilish klasteri korxonasi ishchi-mutaxassislari yangi yoʻllar qurishda qish mavsumi yogʻingarchiliklarini inobatga olishmoqda. Unga koʻra, qishda sirpanchiq boʻlmasligi uchun beton qorishmali yoʻlning ustki qismi maxsus texnika yordamida atayin gʻadir-budir qilinadi.

Klaster rahbari Ahatjon Sharofiddinovning taʼkidlashicha, ichki yoʻllarini qurish, taʼmirlash bilan bogʻliq ishlarda klaster tizimi joriy etilgani juda qoʻl keldi. Shu tariqa ilgari yoʻl qurilishi sohasida uchrab turgan bitum mahsuloti yetishmovchiligi bilan bogʻliq holatlar barham topdi. Yangi tizim har qanday sharoitda arzon va sifatli qorishma tayyorlash, yoʻl qurish va taʼmirlashda qoʻl kelayotgani bilan eʼtiborga sazovordir. Endilikda klaster korxonasida mahalliy xomashyo — shagʻal, qum va sement aralashmalaridan yoʻl qurilishlariga mos beton qorishmalar tayyorlanmoqda. Innovatsion gʻoyalar asosida 10 ta yangi texnika yaratildi.

 

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер