Ichimlik suvidan qarzdorlikni bartaraf etish yoʻlida izchil ish olib borilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Toza ichimlik suvi taʼminotini sifatli yoʻlga qoʻyilishida foydalanilgan xizmat uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirmaslik kabi xatti-harakatlarning salbiy taʼsiri katta boʻlmoqda. Shuning uchun “Andijon suv taʼminoti” MCHJ tomonidan mavzuga doir nazorat tadbirlari boʻlib oʻtmoqda. Andijon shahrida davom etgan tadbirda ham isteʼmolchilik majburiyatiga amal qilmayotgan oʻndan ziyod xonadonlar aniqlanib, ular bilan tushuntirish ishlari olib borildi.
— Tadbir davomida bir qancha mahallalarda istiqomat qiluvchi isteʼmolchilarning toʻlov majburiyatlari oʻrganildi, – deydi jamiyatning axborot xizmati rahbari Marhaboxon Nasriddinova. — Misol uchun, “Mustaqillikning 21 yilligi” nomli mahalla fuqarolar yigʻinini olaylik. Ushbu manzil 37 ta koʻchadan, 860 ta xonadondan iborat boʻlib, jami 7200 nafar aholi istiqomat qiladi. Sharoitlar yaxshi! Jumladan, hudud 100 foiz toza ichimlik suvi bilan, 90 foiz oqova suv xizmati bilan taʼminlangan. Biroq, qarzdorlk masalasida muammolar mavjud. Oddiy misol, mahallaning Oʻzbekiston 3-tor koʻchasidagi xonadonlardan birini olaylik. Ushbu xonadonda istiqomat qiluvchi isteʼmolchilar yillar davomida foydalanilgan xizmat uchun toʻlovni amalga oshirmaganliklari bois 7 million 53 ming soʻm miqdoridagi qarzdorlik vujudga kelgan. Tadbir davomida fuqarolarga bu kabi salbiy holatlarning huquqiy jihatdan javobgarlik xususiyatlari mavjud ekanligi tushuntirildi. Shundan soʻng qarzdorlikning maʼlum bir qismi toʻlandi, xolos. Afsuski, bu kabi misollar hali mavjud ekan, demak, nazorat tadbirlari ham davom etaveradi.
Jamiyat tomonidan yilning oʻtgan davri mobaynida 136-marta ana shunday nazorat tadbirlari tashkil etilib, natijada 260 million 321 ming soʻm miqdoridagi qarzdorlikni undirishga erishildi. Bu esa hududlarni suv bilan taʼminlash, aholiga toza ichimlik suvini oʻz vaqtida yetkazib berish, xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirishning aosiy jihatlaridan biridir.
Saminjon HUSANOV, “Xal soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring