“Hojatbaror” firibgar!

09:25 31 Dekabr 2020 Jamiyat
782 0

Qoʻshtepa tumanida yashovchi salkam 40 yoshli, 4 nafar farzandning otasi A. Husanboy oliy maʼlumotli mutaxassis sifatida bir muddat xalq taʼlimi tizimida faoliyat koʻrsatdi. Ammo nafsi yoʻldan urib, pul topishning oson yoʻllarini izladi va adashdi.

2019-yilning aprel oyida eski tanishi T. Dilfuzani (ism-shariflar oʻzgartirilgan) koʻchada uchratib, sirtdan tanishlari orqali Fargʻona davlat universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyishga vaʼda berib 500 AQSH dollarini olgan va oʻz manfaati uchun ishlatib yuborgan.

“Hojatbaror” firibgar 2018-yilning may oyidan 2019-yilning iyun oyiga qadar yana bir hamtumani D. Umidani chuv tushirib, uy qurish uchun yer olib berish vaʼdasi bilan aldab yurgan. Shu tariqa hamtumanini takror va takror aldab, 2 ming 500 dollar, 15 million soʻm pullarini olib oʻz nafsi uchun sarflagan.

2020-yilning may oyida yana bir tumandoshi — J. Halimani 11 sinfni tugatganlik haqida attestat olib berish bilan aldab, 400 ming soʻm pulini olgan. Ammo amalda hech bir vaʼdasini bajarmay, firibgarlik bilan topgan pullarini oʻzining ehtiyojlari uchun sarflab kelgan.

Yaqinda jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻshtepa tuman sudi tomonidan unga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻshtepa tuman raisi A. Ergashev raisligida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida qonun ustuvorligi taʼminlanib, A. Husanboyning qilmishiga yarasha jazo chorasi tayinlandi.

B. Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер