Hisobli doʻst ayrilmas...
Mamlakatimiz rahbari tomonidan karantin davrida aholining isteʼmol ehtiyojlarini toʻliq qanoatlantirish fuqarolar salomatligini muhofaza qilishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan. Zero, bugundan rozilik va ertangi kunga ishonch kishi jismoniy va ruhiy immuniteti mustahkamligining muhim garovidir.
Navoiy viloyatida 96901 nafar aholi «Hududgaz Navoiy» gaz taʼminoti filiali tomonidan suyultirilgan gaz bilan taʼminlanadi. Shundan 90051 nafariga gaz ballonlari, qolgan 6850 nafariga esa GPU, yaʼni gaz quvurlari (tabiiy gaz koʻrinishida) orqali yetkazib beriladi.
— Suyultirilgan gaz taʼminotining marshruti bir necha oʻn ming kilometrni tashkil etadi, — deydi filial matbuot kotibi Zebo Qutliyeva. — Bu Qizilqum sahrosidagi uzoq ovullardan tortib, Nurota, Xatirchi tumanlarining togʻ bagʻridagi son-sanoqsiz qishloqlari aholisi oʻz ichiga oladi. Birgina «Xatirchitumangaz» gaz taʼminoti boʻlimi tomonidan tumandagi 15880 xonadon tabiiy gaz yetib bormagani sababli suyultirilgan gaz bilan taʼminlanib, ushbu xonadonlarning barchasiga suyultirilgan gaz belgilangan grafik asosida uzluksiz yetkazilyapti. Yaʼni, tuman aholisiga yil boshidan buyon 2 308,54 tonna oʻrniga 2 439,64 tonnaga suyultirilgan gaz yetkazilib, bu boradagi reja 106 foizga bajarildi.
Shuning barobarida maishiy gaz ballonlar koʻrsatkichi isteʼmolchilar sonidan kelib chiqqan holda muntazam yangilanmoqda. Masalan, yil boshidan buyon boʻlim tomonidan 383 nafar isteʼmolchi bilan yangi shartnoma imzolanib, shuncha qoʻshimcha gaz ballon ijaraga berildi. 752 ta gaz ballon “aylanma” usulda isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatadi. Boʻlim omborida yana 2067 ta gaz ballon zaxira uchun saqlanmoqda.
Taʼkidlash joiz, pandemiya sharoitida koʻpgina sohalar qatori gaz taʼminoti tizimida ham iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlari hamda aholi xonadonlarini istiqboldagi kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari belgilangan grafik asosida olib borilmoqda. Shu maqsadda viloyatdagi mavjud 3970,9 kilometr yer osti va yer usti gaz quvurlarining 0,4 kilometrida mukammal, 3,5 kilometrida rekonstruksiya qilish, 8 dona gaz taqsimlash punktlarini mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, barcha toifadagi isteʼmolchilar uchun tabiiy gazni boshqarish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari murakkab karantin sharoitida uning talablariga qatʼiy rioya etgan holda olib borilmoqda. Xususan, Navoiy shahrida “aqlli” hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari joriy yilning may oyidan boshlanib, hozirga qadar shahardagi koʻp qavatli xonadonlarga 2 500 tadan oshiq yangi hisoblagich oʻrnatildi. 2021-yilning oxiriga qadar esa hududdagi isteʼmolchilarning barchasi “aqlli” hisoblagichlardan toʻliq foydalanish imkoniga ega boʻlishadi.
Ushbu zamonaviy hisoblagichlarni oʻrnatish ishlariga 11 ta payvandchi brigada, zarur texnika hamda tajribali payvandchi va chilangarlar jalb etilgan. Xodimlarga barcha zarur sharoitlar yaratilgan, antiseptik vosita va maxsus kiyimlar bilan taʼminlangan. Shu bois, ham aholi xonadonlarida hisoblagichlar oʻrnatilishi bilan bogʻliq jarayonlardan xavotirga tushishgani yoʻq.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, “aqlli” hisoblagichlarning isteʼmolchilar uchun qulayligi gaz quvuridagi tabiiy gaz haroratining oʻzgarishini oʻlchash natijasida tabiiy gaz sarfi haqqoniyligi taʼminlanadi. Bu esa korxonaning tabiiy gaz sarfi hisobidagi mavhum holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Hisoblagichni quvvatlantirish uchun faqat ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan talablarga javob beruvchi maxsus batareyalardan foydalanishga ruxsat beriladi. Himoya plombasi buzilmasligining oldini olish uchun hisoblagichni quvvatlantiradigan batareyani isteʼmolchi tomonidan mustaqil ravishda almashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Elektron oʻlchov tuguni batareyasining foydalanish muddati belgilangan shartlarda kamida 8 yilni tashkil etadi. Hisoblagichni oʻrnatish, yechish hamda profilaktik tekshirishga faqat gaz tarmoqlari operatorlari yoki ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning bunday ishlarni amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnomaga ega boʻlgan xodimlariga ijozat beriladi. Bu kabi tadbirlar hisoblagich oʻrnatilgan gaz quvurida gaz bosimi boʻlmaganda amalga oshiriladi.
— Zamonaviy hisoblagichlarning afzalligi koʻp ekan, - deydi isteʼmolchi Gʻayrat Xolbekov. — Oldingi hisoblagichimiz tez-tez taʼmirga muhtoj boʻlishi bilan birga uni qiyoslovdan oʻtkazishning oʻzi vaqtimiz va mablagʻimizni olardi. Endi taʼmirlash va oʻlchash moslamalarini davlat qiyoslov tekshiruvlaridan oʻtkazish ishlari ham gaz taʼminoti tashkilotining mablagʻlari hisobidan qoplanarkan. Eng muhimi, is gazi chiqishining oldini olish va toʻlov tizimidagi qulayliklari bizga juda maʼqul keldi. Bizning ham majburiyatlarimiz borligini aytishdi. Biz mazkur hisoblagichlarni soz, toza holda saqlash, xavfsizligini taʼminlashga masʼul ekanmiz.
Iqtisodiy barqarorlik, xavfsizlik, qulaylik, tejamkorlik. shaffoflik – bularning barchasini oʻzida mujassam qilgan “aqlli” gaz hisoblagichlar isteʼmolchilar uchun muhim yangilik hisoblanadi. Eng muhim jihati - uning oʻrnatilishi bilan bogʻliq jarayonlarning bepul amalga oshirilayotganida. Faqat talab qilinadigani, tabiiy gazdan oqilona foydalanish, hisoblagichlarni talab qilinganidek soz holda saqlashdir.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring