“Himchan” bilan hamkorlik yanada mustahkamlanadi

16:33 02 Oktyabr 2023 Jamiyat
329 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Janubiy Koreyaning “Korea medical fund Sangwon Clinik Himchan” klinikalar tarmogʻi bundan toʻrt yil muqaddam Buxoro shahrida oʻz shifoxonasini ishga tushirgan edi.

Koreys investorlari loyihani roʻyobga chiqarish uchun 7,1 million AQSH dollari miqdorida toʻgʻrida- toʻgʻri sarmoya kiritishgan. Umumiy maydoni 2 gektardan ziyod hududni egallagan mazkur shifo maskani “Korea medical fund Sangwon Clinik Himchan” ning Markaziy Osiyodagi yagona klinikasi sanaladi. Bundan tashqari, uning Birlashgan Arab Amirliklari va Rossiya Federatsiyasida filiali mavjud. “Himchan” klinikasida suyak va boʻgʻim xastaligining ogʻir darajalari bilan ogʻrigan bemorlarni davolash imkoniyati bor. Boshqacha aytganda, bu kabi xastaliklarga shifo izlab xorijga borishning hojati yoʻq.

Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan, 90 ta shifo oʻrniga ega klinikada tanlov asosida ishga olingan mahalliy shifokor va hamshiralar mehnat qilishmoqda. Ularning koʻpchiligi Janubiy Koreyada kasb malakalarini oshirishgan.

Ortda qolgan toʻrt yil klinika jamoasi uchun ham, koreys klinikalar tarmogʻi masʼullari uchun ham oʻziga xos tajriba, sinov vazifasini oʻtadi, albatta. Muhimi, yuzlab yurtdoshlarimiz oʻz dardlariga shifo topib, oilalari bagʻriga qaytdilar. Bir guruh ehtiyojmand bemorlar viloyat hokimligi tavsiyasi asosida Janubiy Koreyada bepul operatsiya qilindi. Binobarin, endilikda hamkorlikni yanada mustahkamlash mavridi keldi. “Korea medical fund Sangwon Clinik Himchan” klinikalar tarmogʻi rahbari Li Su Chan va “Sangwon medical Fundation” fondi raisi Pak Xe Yong shu maqsadda yurtimizga tashrif buyurib, Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov bilan uchrashdi. Muloqotda tibbiyot sohasidagi hamkorlik yuzasidan tegishli bitim imzolandi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер