Har bir murojaat qatʼiy nazoratda
Illyustrativ foto
Pandemiya karantini davrida tadbirkorlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish iqtisodiyotimiz barqarorligining garovi. Shu bois mazkur masala Respublikamiz hukumatining doimiy nazoratida.
Bu borada Respublikamiz Prezidentining 2019-yil 14-maydagi “Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida tashkil etilgan Respublika Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari ayniqsa, qoʻl kelib, tadbirkorlar va chet ellik investorlar mazkur dargohda oʻz muammoli masalalari va murojaatlariga yechim topmoqda.
Tashkil topganiga endigina bir yil toʻlgan Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish Navoiy viloyati qabulxonasiga oʻtgan davr mobaynida 3264 ta masala boʻyicha 2311 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa,
2020-yil 1-yanvaridan to shu kunga qadar 1571 ta masala yuzasidan 904 ta murojaat qabul qilindi. Murojaatlarning 1234 tasi, yaʼni 80,7 foizi ijobiy yechimini topdi. 236 ta murojaatga huquqiy tushuntirish berilib, 59 ta masala asoslantirilgan tarzda rad etildi.
— Mamlakatimizda davom etayotgan karantin davrida ham tadbirkorlarimizning hyech bir murojaati eʼtibordan chetda qolmayapti, — deydi Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish Navoiy viloyati qabulxonasi mudiri Dilshod Shakarov. – Bunda Qabulxonalar Respublikamiz Prezidentining 2020-yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmoni asosida murojaatlar onlayn tarzda qabul qilinib, ijrosi boʻyicha barcha choralar koʻrilmoqda.
Xususan, pandemiya sharoitida karantin sababli faoliyat yurita olmagan, moliyaviy va boshqa qiyinchiliklarda duch kelgan tadbirkorlardan jami
203 ta murojaat qabul qilinib, ularning har biri alohida nazoratga olindi. Yana bir muhim tarafi shundaki, aynan pandemiya boʻyicha tushgan murojaatlarni masʼul tashkilot tomonidan koʻrib chiqish muddatlari 2 kun etib belgilanmoqda. Natijada 203 ta murojaatdan 173 tasi (90 foizi) oʻz ijobiy yechimini topdi.
Taʼkidlash joiz, koronavirus pandemiyasi boʻyicha kelib tushayotgan murojaatlarning asosiy qismi, yaʼni 103 tasi - kredit toʻlov muddatini uzaytirish, 29 tasi soliq toʻlovlarini kechiktirish, 22 ta murojaat esa oʻz mahsulotini bir hududdan ikkinchi hududga olib oʻta olmayotgan tadbirkorlardan kelib tushgan. Qolgan 49 murojaat turli masalalar boʻyicha qabul qilib olingan. Tadbirkorlarning murojaatlarini koʻrib chiqishda birinchi navbatda ularning haqiqatan ham koronavirus pandemiyasi davrida zarar koʻrayotganligi, faoliyat yuritmayotganligi yoki qisman faoliyat koʻrsatayotganligidan kelib chiqqan holda yakuniy xulosa berilmoqda.
Shuningdek, murojaatlarni qisqa muddatlarda koʻrib chiqish va muammolarni hal etish maqsadida Biznes-ombudsman viloyat vakili, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi va Bosh vazir Qabulxonalari hamkorligida ish olib borilib, har bir masala qatʼiy nazoratga olingan.
Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring