Har bir bola uchun teng imkoniyat
Har bir bola u kim boʻlishidan qatʼi nazar sifatli taʼlim olish huquqiga ega. Inklyuziv taʼlim esa nogironligi boʻlgan bolalarga jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi sifatida oʻsib rivojlanish, bilim olish va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etish imkoniyatini yaratadi.
Bugungi kunda bunday yondashuv dunyo boʻylab keng tarqalib, oʻz samaradorligini namoyon etmoqda. Olmaliq shahridagi “Oydin hayot” mahallasida yashovchi Amirxon Jumanov ham alohida taʼlimga muhtoj bolalardan biri edi. Uning onasi Mohina Jumanova oʻgʻlining tengdoshlari bilan birga taʼlim olishini istadi. Uning fikricha, farzand alohida muhitda emas, balki jamiyat ichida kamol topishi, mustaqil hayotga tayyorgarlik koʻrishi juda muhim.
Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tavsiyasiga koʻra, Amirxon shahardagi 20-sonli ayrim fanlar chuqur oʻrgatiladigan umumtaʼlim maktabiga qabul qilindi. Inklyuziv taʼlim yoʻlga qoʻyilganidan buyon uning hayotida qator ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda.

– Dastlab juda xavotirlandim, – deydi Olmaliq shahridagi 20-sonli ayrim fanlar chuqur oʻrgatiladigan umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Amirxon Jumanovning onasi Mohina Jumanova. – Bolam sinfdoshlari bilan til topisha olarmikan, oʻqituvchilar uni tushuna olarmikan, deb oʻyladim. Ammo vaqt oʻtishi bilan uning yangi isteʼdodlari namoyon boʻlayotganidan quvonayapman. U har kuni maktabga xursand boʻlib boradi.
Bu esa, shubhasiz, oʻqituvchilarning mehnati, sinfdoshlarining samimiy munosabati va maktabda yaratilgan inklyuziv muhit samarasidir. Amirxon nafaqat oʻqishda, balki sport va sanʼat sohalarida ham oʻz iqtidorini namoyon etmoqda. U futbol oʻynashni yaxshi koʻradi, rasm chizishga qiziqadi va ijodiy faoliyatga intilmoqda.
– Futbolga boʻlgan qiziqishi uning sinfdoshlari bilan yaqinlashishiga yordam bermoqda, – deydi ushbu maktab oʻqituvchisi Aziza Toshmatova. – Jamoaviy oʻyinlar orqali muloqot koʻnikmalari rivojlanmoqda. U maktab tadbirlarida ham faol ishtirok etmoqda. Bu esa uning ijtimoiy hayotga moslashuvini yanada tezlashtirmoqda.
Amirxonning ijodiy qobiliyati ham tobora rivojlanmoqda. U turli rasmlar chizib, oʻz fantaziyasini namoyon etadi. Shuningdek, robototexnikaga qiziqishi ortib bormoqda. Bu esa uning fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Sinf rahbari Aziza Toshmatova inklyuziv taʼlim jarayonida alohida faollik koʻrsatmoqda. U bolaning taʼlim jarayoniga moslashishi, sinfdoshlari bilan erkin muloqot qilishi va oʻziga boʻlgan ishonchini oshirish uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqda. Oʻqituvchining mehnatsevarligi va bagʻrikengligi tufayli Amirxon oʻz imkoniyatlarini tobora keng ochib bormoqda.
Inklyuziv taʼlim nogironligi boʻlgan bolalarga mustaqil hayot kechirish, jamiyatda oʻz oʻrnini topish va faol fuqaro boʻlish imkonini beradi. Bu nafaqat alohida shaxslar, balki butun jamiyat uchun ham katta yutuqdir.
Otabek ISROILOV, «Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring