Ham oʻqib, ham ishlayotgan talabalar

17:15 15 Mart 2022 Jamiyat
1060 0

Foto: Халқ сўзи

Gulbahor Choriyeva Qarshi davlat universitetida toʻlov-shartnoma asosida oʻqiydi. Akasi ham oliygohda toʻlov-shartnoma asosida tahsil olayotgani bois oilasining ijtimoiy ahvoli biroz ogʻirlashgan edi. Yaqinda universitet qoshida ish boshlagan “Chevar talabalar” tikuvchilik sexiga Gulbahor ishga joylashdi.

— Sochiq, choyshab, matras, yostiq kabi roʻzgʻor buyumlarini tikyapmiz, — deydi universitetining pedagogika fakulteti boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi 3-kurs talabasi Gulbahor Choriyeva. — Ish oʻqishga umuman xalaqit bermaydi. Tushgacha darsda boʻlaman. Tushdan keyin esa tikuvchilik sexida ishlayman. Bizga 1 mln 200 ming soʻmdan 2 mln soʻmgacha maosh toʻlanadi. Ish jarayonida boshlangʻich tikuvchilikka tayyorlash, milliy kiyimlar tarixi, tikuv mashina jihozlari tuzilishi, tikuv buyumlarni konstruksiyalash va jihozlash hamda tikuvchilik texnologiyasi oid bilimlar ham berib boriladi.

Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-mart kuni oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida OTM talabalari ishlab, daromad topishlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish masalasi muhokama qilingan edi. Qarshi davlat universiteti talabasi Gulbahor va u kabi oʻnlab yigit-qizlarning ish bilan taʼminlanayotgani davlatimiz rahbari tomonidan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosining amaliy isbotidir.

Xususan, Qarshi davlat universitetida 543 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj talaba-yoshning ishlashga ehtiyoji borligi maʼlum boʻldi. Ularning bilim va salohiyatidan kelib chiqib, 48 nafar talaba universitetdagi mavjud boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirilgan boʻlsa, 41 nafar talaba universitet hududidagi savdo va xizmat koʻrsatish korxonalariga jalb qilindi.

Universitet qoshida “Chevar talabalar” tikuvchilik sexi tashkil etilishi ham ana shu ishlarning mantiqiy davomi boʻldi. Bu yerda universitet ichki ehtiyojlaridan kelib chiqib, talabalar turar joylari uchun tikuv-trikotaj buyumlari — sochiq, choyshab, matras, yostiq jildlari ishlab chiqariladi. Tikuvchilik sexida 2 smenada ish tashkil qilingan boʻlib, 20 nafar talaba ish bilan taʼminlandi.

Hozirda universitetning oʻzida100 nafardan ortiq talaba bandligi taʼminlandi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер