Guliston shahrida nuroniylar tomonidan bodomzor bogʻ barpo qilindi

16:58 13 Noyabr 2023 Jamiyat
356 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tasarrufidagi Sirdaryo ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internati Guliston shahridagina emas, balki viloyatdagi taʼlim samaradorligi eng yuqori oʻquv maskanlardan hisoblanadi. Bunga joriy yilda bitiruvchilarning 93 foizi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilingani ham dalolat berib turibdi.

Ushbu taʼlim dargohining yana bir oʻziga xos jihati borki, bu ham boʻlsa, hovlisining jannatmonand bogʻu gulzorlarga burkanganidir. Bu borada maktab jamoasi va “Nuroniy” jamgʻarmasining Guliston shahar boʻlimi hamkorligida yana bir xayrli ishga qoʻl urildi. Yaʼni maktab-internat roʻparasidagi boʻsh maydonda “Nuroniylar bogʻi” yaratildi. Nuroniylar yangi bogʻ uchun ham goʻzal manzara, ham shigʻil meva beradigan bodom koʻchatlarini tanlashdi.

— Ushbu bodomzor hademay koʻchaga oʻzgacha chiroy baxsh etibgina qolmay, maktab-internat oʻquvchilarining sevimli maskaniga ham aylanadi, – deydi “Nuroniy” jamgʻarmasining Guliston shahar boʻlimi raisi Baxtiyor Toʻrayev. — Bu yerda bogʻbon otaxonlarimiz ular bilan tabiat, oʻsimliklar dunyosi, bogʻdorchilik sirlari boʻyicha muloqotlar oʻtkazib turishadi.

Maʼlumot uchun aytish lozimki, Sirdaryo viloyati boʻyicha “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida kuzgi mavsumda 6 million tupdan ziyod koʻchat ekish koʻzda tutilgan.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер