Guliston nomiga mos maskanga aylandi
Foto: Xalq soʻzi
Prezidentimizning tegishli topshirigʻiga asosan eng chekka va olis hududlardan tanlab olingan 70 ta “qizil” toifadagi mahallada “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” mezonlarini joriy etish belgilangan edi.
Shunga asosan, Qashqadaryo viloyatida ham toʻrtta mahalla tanlab olinib, ularda dastur asosida obodonlashtirish, qurilish-bunyodkorlik hamda aholining farovon turmush-tarzini taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ulardan biri Nishon tumanidagi Guliston mahallasi hisoblanadi.

Guliston mahallasida 1235 ta xonadon mavjud boʻlib, 6358 nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi bu joylarga bundan 50-60 yil avval, Qarshi choʻli oʻzlashtirilishi munosabati bilan koʻchib kelib, makon tutgan. Asosiy kommunikatsiya tarmoqlari ham oʻsha vaqtlarda bunyod etilgan. Oʻtgan yillar davomida esa mahallada aholi soni bir necha marotaba oshdi, yangi-yangi koʻchalar, guzarlar barpo etildi. Natijada mavjud kommunikatsiya tarmoqlari talabga javob bermay qolgan, bu esa aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotgan edi.

“Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” dasturi doirasida mahalla hududidagi 27 kilometr yoʻlga shagʻal, 1,5 kilometr yoʻlga asfalt yotqizildi. Aholi gavjum boʻlgan Sohibkor koʻchasida 500 metr uzunlikda piyodalar yoʻlagi barpo etilib, atrofiga esa tungi yoritkichlar oʻrnatildi. Shuningdek, taʼmirtalab holga kelib qolgan 250 ta simyogʻoch mustahkam beton ustunlarga almashtirildi, ikkita transformator kapital rekonstruksiya qilinib, yana ikkita yangi transformator qoʻshimcha oʻrnatildi.
— Mahallamizda ijtimoiy soha obyektlaridan 1 ta maktab, 1 ta maktabgacha taʼlim muassasasi hamda 1 ta oilaviy shifokorlik punkti mavjud, — deydi “Guliston” MFY raisi Xoʻjamurod Normoʻminov. — Dastur doirasida har uchala obyektda keng koʻlamli taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Ayniqsa, tibbiyot muassasamiz juda taʼmirtalab holatga kelib qolgan edi. Dastur doirasida ushbu oilaviy shifokorlik punkti toʻliq kapital rekonstruksiya qilinib, eng zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan taʼminlandi. Bundan tashqari, mahalla idorasi ham toʻliq taʼmirlanib, bu yerda mahalla beshligining samarali faoliyat olib borishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.
Shu bilan birgalikda, mahallada aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yashil maydonlar barpo etish, qabristonlar, irrigatsiya tarmoqlari atrofini obodonlashtirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Gulistonda boʻy koʻrsatgan ana shunday oʻzgarishlar, yuksalishlar odamlarning kayfiyatida, ruhiyatida ham oʻz aksini topmoqda. Shu maʼnoda aytganda, “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” dasturi yakuni boʻyicha ishlar sarhisobi ham haqiqiy bayramga aylanib ketdi. Tantanali tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov hamda viloyatdagi masʼul korxona va tashkilotlar rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, mahallada amalga oshirilgan ishlarga yuksak baho berishdi.
Taniqli sanʼat ustalari va estradamiz yulduzlari ishtirokidagi konsert dasturi, turli sport oʻyinlari mahalla ahliga bayramona shukuh ulashdi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring