Gul sayli Uchqoʻrgʻonga ham koʻchdi
Foto: «Халқ сўзи»
Oʻtgan haftada Namangan shahrida boshlangan va qizgʻin davom etayotgan anʼanaviy Xalqaro gullar festivali doirasidagi tadbirlar ikki daryo oraligʻida joylashgan soʻlim Uchqoʻrgʻon tumanida ham tantanavor surʼatda oʻtkazildi.
Viloyat tumanlari orasida birinchi boʻlib bunday anjumanni bosh bergan uchqoʻrgʻonliklar tuman markazidagi madaniyat va istirohat bogʻini gulu chechaklarga burkadi. Bayramga tayyorgarlik jarayonida bu yerga 100 dan ortiq turdagi bir million tupdan ziyod gullar oʻtqazilib, bir-birini takrorlamaydigan oʻnlab tematik kompozitsiyalar tashkil etildi.
Viloyat markazida shakllangan anʼanaga mos ravishda bu yerda ham gullar bilan bezatilgan avtomashinalar karvoni ishtirokida nafosat va goʻzallik paradi uyushtirildi. Kun boʻyi davom etgan badiiy dastur va koʻngilochar tomoshalar bayram ishtirokchilariga bir olam quvonch hadya etdi.
Barchaga birday yoqib tushgan gullar bayrami endi Uchqoʻrgʻonda ham har yili oʻtkaziladigan boʻldi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring