Gʻozgʻonning qadim brendi eng ilgʻor texnologiyalar asosida tiklandi

12:15 08 Aprel 2026 Jamiyat
231 0

Gʻozgʻonda marmar konchiligi ishlariga oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida asos solingan. Unga qadar hudud zaminidan marmar harsanglari ibtidoiy usulda qazib olinib, qoʻlda ishlov berilgan. (Shahardagi Shohimardon ziyoratgohiga borgan kishi buning guvohi boʻlishi mumkin).

Fozgʻon marmartosh koni ancha tekis qirliklardan iborat. Marmar qatlamlari konda 15 – 20 metr balandlikdagi tizma holida yer yuziga chiqib ketgan va u oʻnlab kilometrga choʻziladi. Toʻq kulrang, tutunrang, koʻkimtir, qizgʻish, och qizgʻish va baʼzi-baʼzida nafis oq ranglardan iborat oʻzining rangdorligi bilan ajralib turadi. Eng muhimi, sovuq va issiqqa chidamli, yuz yilgacha ham sifatini yoʻqotmaydi. Tarkibida temir moddasi kamligi sabab zanglamaydi, yorilmaydi.

Shu bois dunyoning bir qator yirik shaharlarida metropoliten bekatlari, Buxorodagi Sitorai Moxi Xosa majmuasi, Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri va yana oʻnlab muazzam inshootlarga Gʻozgʻon marmari bilan zeb berilgan. Biroq ularning barchasi uzoq va oʻrta oʻtmishning osori-atiqalari boʻlib, yaqin tariximizdan nainki xorij, balki oʻzimizda ham ushbu tosh ishlatilgan biror-bir goʻzal inshootni tilga olishimiz mushkul. Vaholanki, Gʻozgʻondagi oʻninchi asrga tegishli yodgorlik — Shohimardon maqbarasi hudud marmarining mustahkamligi hamda qurilish va meʼmorchilikdagi ishlovbopligining tarixiy dalilidir.

— Majmua Markaziy Osiyoda Mavritaniya usulida qurilgan ilk meʼmorchilik obidalaridan biri hisoblanadi, — deydi sangtarosh Tohir Rahimov. — Ulkan marmar ustunlarga posangisi toʻgʻrilab terilgan ravoq va peshtoqlar ajdodlarimiz matematika, geometriya, kimyo va fizika kabi fanlarni naqadar bilimdoni boʻlgani va ulardan meʼmorchilikda zargarona foydalanganidan dalolatdir. Shuningdek, marmarni bir-biriga biriktirish uchun ular jinchkon deya ataluvchi tarkibi marmar unsurlaridan iborat biriktiruvchi qorishmaning noyob turini qoʻllagani toshdan xomashyo sifatida foydalanish koʻlamini yanada kengaytiradi.

Xullas, qadim-qadimdan noyob boylik hisoblangan Gʻozgʻon marmari qadrsizlanib, hudud ijtimoiy muammolar girdobida qolgani ham bor gap. Uzoq yillar qirlar orasidagi kaftdekkina shaharcha eʼtibordan chetda qolib keldi.

Gʻozgʻon marmari va granitining dovrugʻini tiklash, yer osti xazinasidan yurtdoshlarimiz farovonligi yoʻlida oqilona foydalanish ishlariga Prezidentimizning 2018-yil 2-mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifidan soʻng chinakamiga kirishildi. Oʻshanda davlatimiz rahbari ushbu tosh xalqimizning nainki moddiy, balki maʼnaviy boyligi ham ekanini taʼkidlab, Gʻozgʻonda eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan marmarni qayta ishlash korxonalari barpo etish vazifalarini belgiladi.

— Oradan koʻp oʻtmay Gʻozgʻonda marmar va granitga asoslangan qurilish materiallari sanoati bazasini tashkil etish, yuqori infratizimga ega sanoat shahriga asos solish, hududni kompleks rivojlantirishning yaqin istiqboldagi rejasini ishlab chiqish gʻoyasi ilgari surildi, — deya davom etadi Tohir Rahimov. — Ushbu gʻoya mamlakatimiz xaritasida yangi shahar va yangi sanoat klasteri paydo boʻlishiga zamin hozirladi.

Gʻozgʻonda qisqa fursatlarda koʻz koʻrib, quloq eshitmagan bunyodkorliklar amalga oshirildi. Shaharga kiraverishda 37 gektar yer maydoni ajratilib, marmar va granit toshlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan “Marmarobod” korxonasiga asos solindi. Umumiy qiymati 52 mln. AQSH dollariga teng 14 ta loyiha joylashtirilib, mahalliy muhandis mutaxassislarning malakasi oshirildi, yoshlarga eng ilgʻor texnologiyalar asosida marmar xarsanglarini turli hajm va istalgan qalinlikda kesish, pardozbop mahsulotga aylantirish ishlari oʻrgatildi.

— Korxonamiz tashkil etilmasdan oldin Gʻozgʻon shahrida umumiy miqdorda 15 — 20 ming kvadrat metr marmar va granit mahsulotlari ishlab chiqarilgan boʻlsa, bugun bu koʻrsatkich qariyb 500 ming kv. metrga yetkazildi, — deydi “Marmarobod” MCHJ rahbari Zavqiddin Sharipov. — Toshkentdagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, Samarqanddagi “Turistik markaz”, Imom Buxoriy majmualari kabi qator qurilishlarda marmarlarimizdan foydalanilgani faxr uygʻotadi. Eng muhimi, tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Bugun asosiy maqsadimiz yillik mahsulot ishlab chiqarish hajmi va turlarini oshirib, eksport ulushini koʻpaytirishdan iborat.

Taʼkidlaganimizdek, Gʻozgʻon marmartoshlari sifat va ishlovga qulayligi tufayli dunyo bozorida xaridorgir Italiya marmartoshlari bilan bemalol raqobatlasha oladi. Ilgari faqat ishlov berish uskunasozlikdagi ustunlikkina tarozi pallasini italiyaliklar tomon ogʻdirgan boʻlsa, bugun yangi texnologiyalar Gʻozgʻonda 30 turdan ortiq mahsulot ishlab chiqarish imkonini taqdim etib, xomashyo zaxiralariga esa xorijlik sarmoyadorlarning ham qiziqishi tobora ortib bormoqda.

— Men uzoq yillar almisoqdan qolgan texnologiyalar bilan marmar sohasida ishlaganman, — deydi klaster tizimidagi yana bir korxona rahbari Hamid Narziyev. — Xarsanglarni qazib olishdan tortib, oxirgi mahsulot koʻrinishiga keltirishgacha boʻlgan barcha jarayonlar azob edi. Mana shu korxonalarning birini bankning kam foizli krediti yordamida oldim. Bir yilda kreditni yopib, 100 ming dollarlik mahsulot chetga eksport qildik. Bugun sharqona meʼmoriy yechimdagi imoratlar uchun interyer mahsulotlari, toshdan oshxona jihozlarini tayyorlash ustida ish olib bormoqdamiz.

Muxtasar aytsak, Gʻozgʻon pardozbop toshlar boʻyicha Oʻzbekistonning dunyo bozoridagi brendini taʼminlovchi yagona sanoat shahriga aylanib boʻldi. Shu kungacha ishga tushirilgan loyihalarning shahar iqtisodidagi samaradorligiga toʻxtaladigan boʻlsak, undan byudjet tushumi 2,5 mlrd. soʻmga oshib, 3,400 mln. AQSH dollari miqdorida mahsulot eksporti kutilmoqda.

Shahar esa zamonaviy shaharsozlik meʼyorlari asosida butunlay yangi qiyofa kasb etmoqda. 20 kilometrdan toza ichimlik suvi keltirilib, 70 kmga yaqin kilometrlik ichki koʻchalarga asfalt yotqizildi. Yuqori tezlikdagi internet, zamonaviy 48 oʻrinli shifoxona ishga tushiriladi. Maʼmuriy binolar, madaniy-maishiy inshootlar bunyod etildi. Shuningdek, shaharda kon sanoati korxonalari bilan bir qatorda gʻozgʻonlik ayollarni ish oʻrinlari bilan taʼminlash maqsadida 200 ish oʻrinli “Sardoba textile” xususiy korxonasi ishga tushirilib, trikotaj mahsulotlari eksporti yoʻlga qoʻyildi.

— Bu yerda ish boshlanishidan avval shahrimizda koʻplab ayollar band emas edi, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Gʻozgʻon shahar boʻlinmasi bosh mutaxassisi Munira Rustamova. — Oʻtgan davr mobaynida shahrimizda sanoat infratuzilmasi va boshqa ijtimoiy soha obyektlarining ishga tushirilishi natijasida ayollar uchun mos 240 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi va 220 nafar ayolning bandligi taʼminlandi. Albatta, mazkur omil shahardagi 1,6 mingdan ortiq xonadonlarda istiqomat qiluvchi 2,4 mingta oilaning yashash sharoitlarini yaxshilash, ularning ertangi kunga boʻlgan ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Taʼkidlash joiz, mamlakatimiz rahbari topshiriqlari ijrosi taʼminlanishi Gʻozgʻonda 10 mingdan oshiq yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi. Bugun shahar aholisi 9480 kishi ekanini inobatga olsak, Gʻozgʻon mehnat resurslari jalb etuvchi hudud aylangan deyishga toʻliq asos bor.

Qurilish iqtisodiyotning muhim tarmogʻi hisoblanadi. Ushbu sohaga yoʻnaltirilgan sarmoya yaqin istiqbolda yangi ish oʻrinlari tashkil etishda yordam bersa, uzoq muddatda har bir hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi. Iqtisodiy barqarorlikni taʼminlab, eng muhimi, odamlar hayotini yaxshilash barobarida ularning davlatdan, oʻtayotgan har bir kunidan mamnunligini oshiradi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер