Gʻozgʻonda kashtachi ayollar safi kengaymoqda

13:42 17 Oktyabr 2023 Jamiyat
504 0

Kasanachilik bandlik, ayniqsa qishloq hududlarida ayollarni ish bilan taʼminlashning oʻziga xos faoliyat turi sanaladi. Bunda oila bekalari hovlisidan chiqmagan holda ishlash va daromad topishi, muhimi jamiyatdagi jarayonlarda faol ishtirok etishi mumkin. Afsuski, uzoq yillar mazkur faoliyatning mana shu jihatlari unutilib, kasanachilik na jamiyatga va na ayollarga naf keltirmadi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 21-apreldagi “Kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-­tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi soha ravnaqida yangi davrni boshlab, unga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan 2025-yil 1-yanvargacha kasanachilarga daromad soligʻi kasanachilikdan olinadigan jami daromadni 50 foizga, 1 oyda koʻpi bilan 1 million soʻmgacha kamaytirgan holda hisoblanishi, kasanachilar ijtimoiy soliq toʻlovini oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar kabi amalga oshirishi belgilandi. Shuningdek, ularga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida subsidiya ajratiladigan boʻldi.

— Yana bir hujjat – mamlakatimiz Prezidentining 2022-yil 21-sentyabrdagi “Xotin­-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qoʻshimcha chora-­tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan sohadagi oʻzgarishlar yana bir bosqichga koʻtarildi, — deydi Navoiy viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi bosh mutaxassisi Gulhayo Ravshanova. — Mazkur qaror asosida 2022-yil 1-oktabrdan boshlab kasanachiga zarur asbob-uskuna xarid qilish uchun tadbirkorlik subyektlariga ajratiladigan subsidiya miqdori amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 15 baravarigacha oshirish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan kamida 5 nafar ishsiz xotin-qizni kasanachilik asosida ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat mulkidagi bino va inshootlarni ijaraga olishda ijara haqi 50 foiz miqdorda undirish, ishlab chiqarish sohasida faoliyat yuritayotgan va xodimlari umumiy sonining kamida 70 foizi “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar boʻlgan kasanachilikni tashkil etgan va imtiyoz berilgan davrda ularning bandligini saqlab qolgan tadbirkorlik subyektlari davlat mulkidagi bino va inshootlar uchun ijara haqi toʻlovidan 2027-yil 1-oktabrga qadar ozod etish choralari belgilandi.

Ushbu chora-tadbirlar chekka hududlarda oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Xususan, Navoiy viloyatining Gʻozgʻon shahrida kacanachilik faoliyatini namunaviy yoʻlga qoʻyishga asos boʻlib, bugun hududda 60 ga yaqin xotin­qizlar milliy hunarmandchilik yoʻnalishida kasanachilik orqali   oʻzini oʻzi band qilib, oilaviy daromad manbaiga ega boʻlishgan.

— Kasanachilik asosida ishga jalb etgan har bir ayolni oilamning bir aʼzosi sifatida qabul qilaman, — deydi tashabbuskor tadbirkor Hamiza Bobonazarova. — Qariyb oʻttiz yildan buyon kashtachilik bilan shugʻullanib, 100dan ortiq shogirdlar tayyorladim. Bugun bir yilning ichida 20 nafarga yaqin shogirdlarning qoʻlini kashtaga oʻrgatganligim bilan faxrlanaman. Shuning barobarida mamlakatimiz rahbari qarori bilan taqdim etilgan imtiyozlardan foydalanmoqdaman.

Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, bugun shaharda kasanachilikning kashtachilik koʻrinishidagi ushbu turi ayollar bandligini taʼminlash bilan birga, milliy qadriyatlarimizning ommalashuvi, hududlarning sayyohlik jozibadorligi ortishiga ham xizmat qilmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер