Gollivud yulduzlari buxorolik hunarmandga qanaqa buyurtma berishdi?
Foto: Халқ сўзи
Buxorolik taniqli zargar Alisher Haydarov hozirgacha 500 dan ziyod turdagi taqinchoqlarni tayyorlagan. Zargarlikning nafaqat Buxoro, balki Xorazm, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryoga xos qadimiy uslublarini ham chuqur biladi. Kitob varaqlaydi, muzeylarga kirib, unutilgan, yoʻqolib ketgan noyob zargarlik buyumlarini izlaydi. Topgan zahoti ularning nusxasini tayyorlashga kirishadi.
— AQSHning Santa-Fe shahri (Nyu-Meksiko shtati)da oʻtkaziladigan anʼanaviy Butunjahon hunarmandlar festivalida ishtirok etdim. Men tayyorlagan zargarlik mahsulotlari tadbirga kelgan bir guruh Gollivud yulduzlarining diqqatini tortdi, — deydi hunar ortidan dunyo kezgan hamyurtimiz. — Ular mendan tillaqoshi, koʻkrak qafasga taqiladigan yopingʻich xarid qilishdi. Ayniqsa, yosh bolalarning tilla va kumushdan tayyorlangan qadimiy soʻrgʻichiga astoydil qiziqib qolishdi. Unga koʻpgina buyurtma berishdi. Tayyorlab berdim, albatta.
Qator nufuzli xalqaro koʻrgazmalarda faol qatnashib, oʻzbek xalq amaliy sanʼati dovrugʻini dunyoga tanitayotgan zargarning taʼkidlashicha, qadimda ajdodlarimiz soʻrgʻichni ataylab tilla yoki kumushdan tayyorlashgan. Negaki, bunday soʻrgʻich infeksiyani yoʻqotish xususiyatiga ega. Ilgari turli dorivor giyohlar aralashmasi, buxorocha aytganda, qandu roʻgʻan shu soʻrgʻich orqali bolaga berilgan. Bunday soʻrgʻich bola ogʻiz boʻshligʻining ham ishonchli himoyachisi boʻlgan. Kasallik kelib chiqishiga yoʻl qoʻymagan.
Tajribali hunarmandning uy-muzeyida hozir xalqimizning boy tarixidan darak beruvchi yuzlab ana shunday osori atiqalarni koʻrish mumkin.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring