Glaukomaning qanday davolash usullari bor?

01:51 10 Yanvar 2021 Jamiyat
8307 0

SSV Matbuot xizmati glaukoma kasalligi va uni davolash yoʻllari haqida Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Azamat Yusupov bilan suhbatlashdi.

— Glaukomaga chalingan kishilar turmush tarzida nimalarga koʻproq eʼtibor berishi kerak?

— Bemorga hayajonlanish, asabiylashish, sovqotish, juda qizib ketish kabilar mumkin emas. U qizigan pech (oʻchoq, tandir) oldida uzoq muddat turmasligi, boshini engashtirib ishlamasligi lozim. Issiq hammomda yuvinish, ogʻir jismoniy va aqliy mehnat bilan shugʻullanish yaramaydi. Bemor qorongʻida oʻtirmasligi, qora koʻzoynak taqmasligi lozim.

Hatto oʻqish va yozishni yorugʻ xonada bajarishi kerak. Bemor kun davomida 4-5 mahal yengil ovqatlanishi, kechki ovqat esa uyquga yotishdan 4 soat ilgari tanovul qilinishi zarur. Qovurilgan va shoʻr ovqatlar, shuningdek, murch, qalampir isteʼmol qilishi mumkin emas. Bemorga sut, sabzavotli ovqatlar tavsiya etiladi.

— Glaukomani qanday davolash usullari bor?

— Oʻz vaqtida koʻrilgan davo choralari glaukoma kasalligini toʻxtatishga va bemorning mehnat qobiliyatini tiklashga yordam beradi. Kasallik aniqlangach, birinchi boʻlib dorilar, koʻz tomchilari yordamida davolanish boshlanadi. Tomchilar yordamida davolash samara bersa, bemor ushbu dorilarni doim tomizib yurishi lozim.

Hech bir dori taʼsir qilmasa, boshqa davolash usullari tavsiya qilinadi. Ulardan biri — lazer nuri yordamida davolashdir. Bunda koʻz ichki suyuqligini dimlanishiga sabab boʻlgan yoʻllar lazer nuri yordamida ochilib, koʻz bosimi tushiriladi.

Lazer jarrohligi mutlaqo ogʻriqsiz va xavfsizdir. Lekin glaukomaning barcha turlarida ham lazer nuri samara bermasligi mumkin. Jarrohlik usulida davolash esa hozirda eng samarali usul hisoblanadi. Koʻp hollarda oʻz vaqtida dori tomizmaslik, koʻz shifokori nazoratida turmaslik, shifokor tavsiyalarini toʻliq bajarmaslik bemor koʻrishini yomonlashtiradi. Shu bois doim salomatligingizga alohida eʼtibor qaratishni unutmang.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер