Germaniya Rossiya neftidan qachon toʻliq voz kechishiga oydinlik kiritdi

21:46 01 May 2022 Dunyo
1121 0

Illyustrativ foto

Germaniya Rossiya neftiga embargo qoʻyish tarafdori. Biroq yetkazib berishni toʻxtatishga tayyorgarlik koʻrish uchun bir necha oy kerak boʻladi. Bu haqda Germaniya kanslerining iqtisodiy masalalar boʻyicha yordamchisi Yorg Kukis “The Financial Times” nashriga bergan intervyusida aytib oʻtdi.

“Biz Rossiyadan neft sotib olishni toʻxtatmoqchimiz. Ammo mamlakat uchun neft taʼminotining boshqa manbalarini taʼminlashga ishonch hosil qilish uchun bizga biroz vaqt kerak”, deydi Kukis.

Uning taʼkidlashicha, Germaniya Rossiyaning «Rosneft» shirkati nazorati ostidagi Shvedt shahridagi neftni qayta ishlash zavodiga Boltiq dengizi orqali tankerlar bilan boshqa joylardan xomashyo olib kelish ustida ishlamoqda. Buning uchun Berlin Rostokdagi portni takomillashtirishi va u yerdan Shvedtgagacha quvur tortishi kerak boʻladi.

Kukisning aytishicha,  Germaniya qator neft kompaniyalari, Yevrokomissiya va Polsha hukumati bilan muzokaralar olib bormoqda.

Biroz avval Germaniya iqtisodiyot vaziri, vitse-kansler Robert Xabek uning mamlakati Rossiya nefti importini qisqartirgani va mazkur davlat energiya manbalariga tobelikdan xolos boʻlishga yana bir qadam yaqinlashganini aytgan edi. Xabekning soʻzlariga koʻra, bir necha hafta oldin Rossiyadan energiya manbalarini uzib qoʻyish vazifasi qiyin boʻlib tuyulgan. Ammo endi bu muammo emas.

Maʼlum qilinishicha, Joriy yilning 24-fevraliga qadar Germaniya jami sotib oladigan neftning 35 foizini Rossiyadan import qilgan. Oʻtgan sakkiz hafta ichida bu koʻrsatkich 12 foizga kamaygan.

Oldinroq Germaniya sanoat ittifoqi rahbari Zigfrid Rusvurm Yevropa sanoati yaqin bir necha yil ichida energiya narxining yuqoriligi va logistika qiyinchiliklari tufayli jiddiy iqtisodiy yoʻqotishlarni boshdan kechirishini aytgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер